Qirg‘izistonda deputatlar pedofillarga o‘lim jazosi berishni taklif qilmoqda

Olam

image

Qirg‘izistonda deputatlar pedofillarga o‘lim jazosi berilishi bo‘yicha referendum o‘tkazishni taklif qilmoqda. Bu haqda qirg‘izistonlik deputat Dastan Bekeshev o‘zining Twitter'dagi sahifasida ma’lum qildi.

“61 nafar parlamentariy Prezidentga pedofillarga nisbatan o‘lim jazosi tayinlash bo‘yicha referendum o‘tkazishni taklif qilyapti. Tez orada qaror loyihasi ko‘rib chiqish uchun Jogorku Keneshga kiritiladi”, deb yozgan Dastan Bekeshev.

Ta’kidlash joizki, Qirg‘izistonda oldinroq ham bir necha xalq deputatlari voyaga yetmaganlarni zo‘rlaganlarga jazoni kuchaytirish taklifini ilgari surgan. Xususan, ular kimyoviy kastratsiyani (bichish) joriy etish tashabbusi bilan chiqqan. 

Ma’lumot uchun, Qirg‘izistonda o‘lim jazosiga moratoriy joriy etilgan. 1998 yilda davlat rahbari Asqar Akayev Inson huquqlari deklaratsiyasi qabul qilinganining 50 yilligi munosabati bilan o‘lim jazosiga ikki yillik moratoriy kiritgan. Keyinchalik muddat yana uzaytirilib, Qirg‘iziston Jinoyat kodeksida o‘lim jazosi, umrbod ozodlikdan mahrum qilish bilan almashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekistonda ham “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov tomonidan qonunchilikka pedofillarni kimyoviy va jismoniy bichish amaliyotini kiritish taklif qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing