Qirg‘izistonda bo‘lgan namoyishlar Sooronbay Jeenbekovni ta’qib qilishda davom etmoqda

Olam

image

Avvalroq, 2020 yilning 5 oktyabr kuni Bishkekdagi namoyishni tarqatish vaqtida jabrlanganlar Sooronbay Jeenbekovni jazolashni talab qilib chiqqani haqida xabar bergan edik.

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi 5 oktyabr kuni Bishkekdagi namoyishlar vaqtida jabr ko‘rgan fuqarolarning Sooronbay Jeenbekovni jazolashni so‘rab yozgan arizalarini 1 fevral kuni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligining tergov xizmatlariga yuborgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi 2020 yilning 6 oktyabriga o‘tar kechasi namoyishchilarni tarqatish paytida maxsus vositalardan foydalanish bo‘yicha jinoiy ish ochganligi sababli bayonot ushbu organlarga yuborilgan. 

Xabarga ko‘ra, huquqni muhofaza qilish idoralari murojaat qilganlarga tekshiruv natijalarini ma’lum qiladi. 

Jabrlanuvchilar arizasiga ko‘ra, o‘tgan yilning 5 oktyabr kuni Bishkekdagi Ala-Too maydonida uyushtirilgan mitingda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari namoyishchilarga qarshi maxsus uskunalardan foydalangan. Oqibatda ko‘p odam jabrlangan, 19 yoshli Umut Oltinbek o‘g‘li vafot etgan.

Jabrlanuvchilar namoyishchilarga qarshi qurol ishlatish buyrug‘ini aynan Jeenbekov bergan deb hisoblaydi. Ular sobiq davlat rahbarini javobgarlikka tortishni hamda uni eks-prezident maqomidan mahrum etishni talab qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 5 oktyabrdagi namoyishlar Qirg‘izistonda parlament saylovi o‘tkazilishi bilan boshlangandi. 5 dan 6 oktyabrga o‘tar kechasi namoyishchilar Hukumat, Prezident administratsiyasi va tergov hibsxonasini egallab olgandi.

O‘sha kechada tartibsizliklar natijasida 1,2 mingdan ortiq odam jarohatlangan, bir kishi halok bo‘lgan. 100 ga yaqin odam shifoxonaga yotqizilgan.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi sobiq vitse-vazir Duyshenbek Zilaliyevning bankdagi seyfidan 1 mln dollar topilganini ma’lum qilgan edi. Ushbu ish bo‘yicha Sooronbay Jeenbekov ko‘rsatma berish uchun sudga chaqirilgandi. Biroq Jeenbekovning advokati Jirgal Babayev sobiq Prezidentning bu ishga umuman aloqasi yo‘qligi va sudga bormasligini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Sooronbay Jeenbekov Qirg'izistonda

Baholaganlar

143

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing