Qirg‘iziston va Tojikistonning chegara muammosi qachon hal bo‘lishi aytildi
Olam
−
11 yanvar
4026Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha kelishuv joriy yilning mart oyida imzolanishi kutilmoqda. Bu haqda kecha, 10 yanvar kuni Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bilan uchrashuvdan so‘ng ma’lum qildi.
“Qirg‘iziston tomoni Tojikiston bilan chegaradagi muammolarni hal qilish bo‘yicha kelishuvga erishgani haqida xushxabar oldik. Shartnoma mart oyida imzolanishi kutilmoqda va men bugun bu yerda janob Prezident bilan uchrashuvim chog‘ida xuddi shunday xushxabarni tasdiqlash imkoniga ega bo‘ldim”, degan u Imomali Rahmon bilan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Uning qayd etishicha, Turkiya mintaqaga e’tibor qaratayotgan qardosh davlat sifatida bu tinchlik kelishuviga katta ahamiyat beradi.
“Umid qilamizki, mart oyida Tojikiston va Qirg‘iziston o‘zaro chegaradagi mojaroga rasman chek qo‘yib, mintaqada xavfsizlik va barqarorlik yo‘lida muhim qadam qo‘yadi”, deydi Turkiya vaziri.
Qayd etish joizki, Turkiya TIV rahbari 9 yanvar kuni Bishkekda qirg‘izistonlik hamkasbi Jeenbek Kulubayev bilan ham uchrashgan va Prezident Sadir Japarov qabulida bo‘lgan.
“Anadolu” agentligi xabariga ko‘ra, Fidan 9 yanvar kuni Anqara Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha kelishuvni olqishlashini ma’lum qilgan. U Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida ham shunday kelishuvga erishilishiga umid bildirgan. Turkiya mintaqa davlatlari o‘rtasida kelishmovchiliklar bo‘lmasligiga katta ahamiyat berishini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasining uzunligi qariyb 980 kilometrni tashkil etadi, shundan 400 kilometri bahsli hudud hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Tojikiston va Qirg‘iziston hukumatlari delegatsiyalarining delimitatsiya va demarkatsiya bo‘yicha topografik ishchi guruhlari umumiy davlat chegarasining qariyb 12 kilometri bo‘yicha kelishuvga erishgandi.
LiveBarchasi