Fidan Qirg‘iziston TIV rahbari bilan G‘azodagi urushni muhokama qildi

Olam

image

Turkiya va Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirlari Xoqon Fidan va Jeenbek Kuluboyev bugun, 9 yanvar kuni Bishkekdagi “Ala-Archa” davlat qarorgohida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Ukrainadagi mojaroni tartibga solish va don bitimini qayta tiklash imkoniyatlarini muhokama qildi. Bu haqda Turkiya TIV rahbari uchrashuvdan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

“Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaro, shuningdek, Qora dengiz havzasidagi eng yirik davlatlardan biri sifatida Turkiya bundan qanday foydalanishi va g‘alla bitimini qayta boshlashi mumkinligi haqida fikr almashdik”, deydi Fidan.

Bundan tashqari, vazirlar Isroilning G‘azo sektorida davom etayotgan agressiyasini ham muhokama qilgan. Xoqon Fidan mavqedoshiga Islom hamkorlik tashkiloti va Arab davlatlari ligasi tomonidan tuzilgan Aloqa guruhining sa’y-harakatlari haqida ma’lumot bergan.

Diplomatlar G‘azo sektoridagi qirg‘inning global xavfsizlikka ta’sir qiladigan "jamoaviy xavflari" haqida fikr almashgan. Fidanning fikricha, dunyo jamoatchiligi, xususan, G‘arb davlatlari Falastin anklavida sodir bo‘layotgan voqealarni yo bilvosita yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’qullaydi.

“Vaziyatning kinoyali va fojiali tomoni shundaki, hamma bir xil fikrda, lekin sodir bo‘layotgan voqealarni to‘xtatib bo‘lmaydi va bu sizni o‘ylantiradi. Aftidan, boshqa qadamlar qo‘yish kerak”, degan Turkiya Tashqi ishlar vaziri.

Shuningdek, muzokaralar davomida tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlik dinamikasini rivojlantirish muhimligi, ikki tomonlama qirg‘iz-turk sarmoya fondini yaratish orqali mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash darajasini oshirish uchun birgalikdagi sa’y-harakatlarga tayyor ekani, harbiy-texnikaviy va harbiy-mudofaa sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish uchun salohiyat mavjudligini qayd etgan.

Muzokaralarda ikki davlat fuqarolarining yashashi, ishlashi, o‘qishi va o‘zaro sayohatini soddalashtirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish zarurligiga alohida e’tibor qaratilgan.

Fidan muzokaralarning markaziy mavzularidan biri FETÖ terror tashkilotiga qarshi kurash ekanligini qayd etdi. 

“Biz FETÖ terrorchi guruhiga tegishli maktablarni yopish bilan bog‘liq sa’y-harakatlarga e’tibor qaratmoqdamiz”, deydi u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Turkiya va Qirg‘iziston diplomatiya rahbarlari sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni kengaytirish yuzasidan ham fikr almashgan.

Turkiya TIV rahbarining aytishicha, Anqara Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha kelishuvni olqishlaydi. U Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida ham shunday kelishuvga erishilishiga umid bildirdi.

Turkiya tashqi ishlar vaziri Fidanning rasmiy tashrifi yakunlari bo‘yicha ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida ikki tomonlama strategik hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha qo‘shma ishlarni yanada rag‘batlantirishni nazarda tutuvchi 2024–2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolangan. Qo‘shma strategik rejalashtirish guruhining 6-yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha esa Qo‘shma bayonot qabul qilindi.

Tashrif doirasida vazir Xoqon Fidan va Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi spikeri Nurlanbek Shakiyev bila uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Fidan Qirg'iziston TIV

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made