Turkiya don kelishuvi bo‘yicha 3 ta ssenariyni ko‘rib chiqyapti
Olam
−
18 avgust 2023
3497Turkiya hukumati don bitimi atrofidagi vaziyat rivojlanishining uchta ssenariysini muhokama qilyapti. Bu haqda “Yeni Shafak” gazetasi xabar berdi.
Aytilishicha, Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan rossiyalik mavqedoshi Sergey Lavrov va Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba bilan masala natijalarini muhokama qilishni rejalashtirmoqda. Shundan so‘nggina Prezidentlar Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Vladimir Putin o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tishi mumkin.
Birinchi ssenariyga ko‘ra, hozirgi vaziyatdan chiqish yo‘li topilmaydi. Bu oziq-ovqat inqirozining keskinlashuviga olib keladi. Mazkur holat Rossiya, Ukraina va AQSH manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi. Bu holda tomonlar o‘rtasidagi muloqot kanallari butunlay yopiladi va harbiy taranglik kuchayadi.
Ikkinchi ssenariyda bir tomonlama harakatlar va ikki tomonlama kelishuvlar asosida muqobil yo‘llar yaratish, xususan, Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Dunay orqali yoki quruqlik orqali Yevropaga yetkazib berish ko‘zda tutilgan.
Uchinchi ssenariyga ko‘ra, Rossiyaning ayrim xavotirlari bartaraf etilgandan keyin don yo‘lagi avvalgi formatda ishlay boshlaydi. Manbaga ko‘ra, bu barcha tomonlar foyda ko‘radigan va global oziq-ovqat inqirozining oldini oladigan yagona variant hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 iyul kuni Rossiya tomoni Qora dengizdagi gumanitar yo‘laklar orqali Ukraina g‘allasini xavfsiz eksport qilish bo‘yicha kelishuvni uzaytirmagan va buni Istanbul kelishuvining ikkinchi qismi bajarilmagani bilan izohlagandi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga don yo‘lagi kelishuvini yoki unga o‘xshash loyihani uch tomonlama shaklda davom ettirish taklifi bilan rasmiy maktub yubordi. 2 avgust kuni Rossiya va Turkiya Prezidentlari telefon orqali muloqot o‘tkazgan va ehtimoliy uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rishga kelishib olgandi.
LiveBarchasi