Qirg‘iziston O‘zbekistonning 21 tonna qovunini qaytarib yubordi (video)
Jamiyat
−
25 avgust 12305 2 daqiqa
Joriy yilning 22 avgust kuni Qirg‘iziston chegarasidan somon ustiga ortilgan 21 tonna O‘zbekiston qovuni qaytarib yuborildi. Bu haqda Qirg‘iziston Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidagi “Dostuk” nazorat-o‘tkazish punktida Qirg‘iziston Qishloq xo‘jaligi vazirligining O‘sh hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasidan O‘sh viloyatiga harakatlanayotgan yuk mashinasi tekshiruvdan o‘tkazilgan. Shu jarayonda yuqori fitosanitariya xavfi bo‘lgan mahsulotni tashishda qonunbuzarlik holatilari aniqlangan.
Hujjatlarni tekshirish va mashinani ko‘zdan kechirish chog‘ida 21 tonna qovun bilan birga somon ham borligi ma’lum bo‘lgan. Bildirilishicha, somon ham yuqori fitosanitariya xavfi bo‘lgan karantin ostidagi mahsulot hisoblanadi va u fitosanitariya sertifikatida ko‘rsatilishi lozim. Sertifikat esa xavfli karantin begona o‘tlari urug‘lari mavjud emasligini tasdiqlashi kerak.
“Har bir karantin ostidagi mahsulot partiyasining import-eksportiga importchining karantin fitosanitariya talablariga muvofiq ravishda fitosanitariya sertifikati mavjud bo‘lgandagina ruxsat etiladi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, yagona karantin fitosanitariya talablarini buzish holati sababli karantin fitosanitariya nazorati dalolatnomalari tuzilgan va yukni qaytarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan. O‘sh Boshqarmasi xodimlari nazorati ostida qonunbuzarliklar bilan olib kelingan barcha mahsulotlar ortiga – jo‘natuvchiga qaytarib yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil boshidan buyon O‘zbekistondan 80,82 tonna yuk va 70 ming 515 dona ko‘chat fitosanitariya talablariga javob bermagani sababli Qirg‘izistonga kiritilmagani xabar qilingan edi.
Live
Barchasi