Qirg‘iziston O‘zbekistondan suv evaziga “svet” olayotgani aytildi
Olam
−
18 iyul 2023
8394O‘zbekiston va Qirg‘iz Respublikalari elektr energiyasini o‘zaro tovar ayirboshlaydi. Bu haqda O‘zbekiston Energetika vazirligi ma’lum qildi.
Urg‘ulanishicha, Markaziy Osiyo davlatlari energetika tizimi, xususan, Qirg‘iz va O‘zbekiston Respublikalari energetika tizimi parallel ravishda ishlaydi.
“Shuni hisobga olgan holda ikki mamlakat energetika kompaniyalari o‘rtasidagi kelishuvga asosan, elektr energiyasini yetkazib berish o‘zaro tovar ayirboshlash (olgan miqdori hajmida qaytarish) sharti bilan amalga oshiriladi”, deyiladi xabarda.
2023 yil bahor mavsumida O‘zbekistondan Qirg‘iz Respublikasiga (ichki iste’mol past davrda) 150 mln kVt-soat elektr energiyasi yetkazib berilgan.
O‘z navbatida, kelishuvga asosan, ushbu hajmdagi elektr energiyasini Qirg‘iz Respublikasi O‘zbekistonga yoz mavsumida qaytaradi. Shu bilan birga, Qirg‘iz Respublikasi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi uchun shu davrda Norin daryosi orqali suv yetkazib berishi aytilmoqda.
“O‘zbekiston Respublikasi arzimagan mablag‘ evaziga Qirg‘iz Respublikasiga katta miqdorda elektr energiyasi yetkazib bergani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar shu jihatdan mutlaqo asossizdir”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi