Qirg‘iziston Tojikistonga drondan zarba bermoqda – Chegara qo‘shinlari

Olam

image

Qirg‘iziston Tojikiston aholi punktlariga hujumkor dronlar bilan zarba bermoqda. Bu haqda “Asia-plus” nashri Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara qo‘shinlariga asoslanib xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Qirg‘iziston kecha, 16 sentyabr kuni o‘t ochishni to‘xtatishga kelishilganidan keyin 1,5 soat o‘tib, barcha turdagi og‘ir qurollar bilan Tojikiston aholi punktlariga o‘t ochishni boshlagan. Xususan, Bobojon G‘ofurov tumanining Ovchi Qal’acha jamoati va Isfara shahrining Vorux va Chorkux jamoatlari hujumga uchragan.

“Qirg‘iziston harbiy vertolyotlar va hujumchi dronlardan foydalangan holda Tojikistondagi turar-joy binolari va fuqarolik ob’ektlariga havodan hujum uyushtirayotgani xavotir uyg‘otadi”, deyiladi bayonotda.

Shuningdek, Qirg‘iziston tomoni Botken viloyati markazidan Tojikiston bilan chegaradosh tumanlarga qo‘shimcha kuch va vositalarni o‘tkazayotgani xabar qilingan.

“Asia-plus” bilan suhbatda Ovchi-Qal’acha jamoati aholisi bir necha mahalla fuqarolari Qirg‘izistonning uchuvchisiz samolyoti hujumi qurboni bo‘lganini tasdiqlagan.

“O‘t ochishni to‘xtatish haqidagi xabarlardan so‘ng, mahalla ahli ko‘chaga chiqdi va o‘sha paytda qirg‘iz droni odamlarga hujum qildi. Oqibatda 10 dan ortiq kishi jarohatlangan. Turar-joy binolari va fuqarolik infratuzilmasiga drondan havo zarbalari berilmoqda”, deydi aholi vakillari.

Isfara shahrining Sho‘rob qishlog‘i aholisi ham Qirg‘iziston dronlarining turar-joy binolari va infratuzilmalarga hujum qilgani haqida xabar bergan.

“Qirg‘iz dronlari 16 sentyabr kuni ertalab va tushdan keyin zarbalar berdi. O‘nlab uylar vayron bo‘ldi, ko‘plab tinch aholi jabr ko‘rdi”, deydi aholi.

Qayd etish kerakki, Tojikistonga zarba berish uchun foydalanilayotgan dronlar Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz uchoqlari bo‘lishi mumkin. Negaki joriy yilning 13 sentyabr kuni Qirg‘izistonda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmatining birinchi uchuvchisiz uchish apparatlari bazasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tgandi. Bazadan aynan “Bayraktar” uchuvchisiz uchoqlari boshqarilishi aytilgandi.

Ma’lumot uchun, ikki davlat chegarasida vaziyat 14 sentyabr kuni keskinlashdi. Qirg‘iziston tomonining ma’lum qilishicha, tojik chegarachilari shu kuni Qirg‘izistonning Botken viloyati Botken tumanining Buloq-Bashi hududidagi chegara hududiga kirib, “jangovar pozitsiyalarini egallagan”. Qirg‘iziston harbiylarining hududni tark etish talabiga javoban Tojikiston chegarachilari o‘t ochgan, shundan so‘ng otishma boshlangan. Oradan bir necha soat o‘tib, Botken viloyatining Kak-Say va Paski-Ariq tumanlarida ham qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. Kechqurun otishmalar to‘xtagan, qirg‘iz tomoni ikki nafar harbiy xizmatchi va uch nafar tinch aholi vakillari yaralangani haqida xabar bergan.

Tojikiston tomoni ham o‘z navbatida chegaradagi keskinlikda Qirg‘izistonni ayblab, qirg‘iz harbiylari avval erishilgan sulhni buzganini aytmoqda.

16 sentyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari sammitida ishtirok etish uchun Samarqandga kelgan ikki davlat rahbarlari Sadir Japarov va Imomali Rahmon uchrashuv o‘tkazib, chegara masalasida kelishib olgandi.

Bayraktar droni

“Bayraktar TB2” – Turkiyaning Baykar Makina kompaniyasining uzoq parvoz qila oladigan hujumkor razvedkachi dron. Uning maksimal tezligi 222 km/soat, qanotlari kengligi 12 m, qurilma havoda 24 soatgacha turishi mumkin, dronning amaliy shifti esa 8,2 ming m.

Dron uchish masofasi 0,5 dan 8 kmgacha bo‘lgan ikkita lazerli boshqariladigan UMTAS tankga qarshi raketalari yoki Turkiyaning Roketsan kompaniyasining to‘rtta Bozok, MAM-C yoki MAM-L boshqariladigan aniq bombalari bilan qurollantiriladi.

Bunday turdagi dronlardan Qorabog‘, Suriya va Liviyadagi jangovar harakatlarda foydalanilgan. Ayni paytda “Bayraktar TB2” dronlari Ozarbayjon, Qatar, Liviya, Marokash, Polsha, Jibuti, Ukraina armiyalari hamda Qirg‘iziston Chegara xizmatida mavjud.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu qurilmalar allaqachon 22 davlatga, jumladan Marokash, Niger va Efiopiyaga sotilgan.

“Bayraktar” dronlarining muallifi Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning kuyovi Selchuk Bayroqdor bo‘lib, u kuni kecha "Kizil elma" nomli yangi dronni taqdim etdi.


Maqola muallifi

Teglar

qirg'iz-tojik chegarasi

Baholaganlar

326

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing