Qirg‘iziston Tojikiston bilan chegara bo‘yicha muzokaralarni 2-3 oy ichida yakunlash niyatida
Olam
−
05 avgust
3166Qirg‘iziston Tojikiston bilan chegara bo‘yicha muzokaralarni 2-3 oy ichida yakunlash niyatida. Bu haqda bugun, 5 avgust kuni Bishkekdagi matbuot anjumanida Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Qirg‘iziston tomoni Tojikiston bilan chegaraning umumiy uchastkasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha muzokaralarni 2-3 oy ichida yakunlashni kutmoqda. Qirg‘iziston TIV rahbari chegara masalasi juda nozik ekanini ta’kidlagan.
“Chegara juda nozik masala, muzokaralar davom etmoqda, menimcha, yaqin 2-3 oy ichida biz yakuniga yetamiz”, deydi Kuluboyev.
Joriy yilda Qirg‘izistonning Botken shahrida 30 yanvardan 5 fevralgacha bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasining 90 foizini qamrab oluvchi kelishuv imzolangandi.
Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi davlat chegarasining uzunligi qariyb 980 km. 2002 yilning dekabr oyidan boshlab uni delimitatsiya qilish (davlat chegarasini uning o‘tish joyini tavsiflash va xaritada chizish) bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda.
Ushbu muammoni hal etmaslik ikki respublikaning mahalliy aholisi va harbiy xizmatchilari o‘rtasida, shu jumladan o‘qotar quroldan foydalanish bilan bog‘liq nizolarga bir necha bor sabab bo‘lgan.
Zumrad Zaripova
LiveBarchasi