Qirg‘iziston Prezidenti o‘zbekistonlik murabbiyga mashina sovg‘a qildi
Sport
−
11 Sentabr
16407Bugun, 11 sentyabr kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov o‘zbekistonlik boks murabbiyi Akmal Hasanov bilan uchrashib, unga Munarbek Seyitbek uuluning g‘alabasiga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorlik ramzi sifatida avtomobil sovg‘a qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari Hasanov bilan suhbatda uning harakati Qirg‘iziston va O‘zbekiston xalqlarining do‘stligi va birligini ulug‘laganini bildirdi.
“Markaziy Osiyo xalqlari bir-birini qo‘llab-quvvatlab, hamjihatlik va do‘stona munosabatlarni namoyon etishini butun dunyo ko‘rdi. Sport tinchlik elchisi deb ataladi. Siz o‘zaro totuvlikni mustahkamlashga hissa qo‘shdingiz. Birdamligimiz yanada mustahkamlanishini tilab qolaman”, dedi Japarov.
Prezident Parijdagi Olimpiadada o‘zbekistonlik sportchilarning yaxshi natijalarini ham ta’kidladi.
“O‘zbekistonda sportga katta e’tibor qaratilmoqda. Biz so‘nggi uch yil ichida sportchilarimizni faol qo‘llab-quvvatlay boshladik. Ilgari musobaqalarda qatnashish uchun mablag‘ni o‘z vaqtida bera olmagan holatlar bo‘lardi. Hozir davlat tomonidan barcha zarur shart-sharoit, jumladan, vitaminlar bilan ta’minlash ham yaratilmoqda”, deydi Japarov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Olimpiada kumush medali sovrindori Munarbek Seyitbek uulu murabbiysiz Parijga borgani uchun, qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lgan.
“Ota-bobolarimiz o‘z qahramonlariga tan olish belgisi sifatida ot sovg‘a qilganlar. Hozirda avtomobillarni sovg‘a qilish odat tusiga kirgan, biroq an’ana ruhi o‘zgarmay qolmoqda – bu beqiyos xizmatlarga hurmat va minnatdorlik ifodasidir”, deya qo‘shimcha qildi prezident.
O‘z o‘rnida Akmal Xasanov Japarovga minnatdorlik bildirib, Munarbek Seyitbek uulu bilan yig‘inlarda ko‘p marta uchrashganini va hech ikkilanmay uning sekundanti bo‘lishiga rozi bo‘lganini aytdi.
Shuningdek, u Prezident Sadir Japarovni va butun qirg‘iz xalqini g‘alaba bilan tabriklab, qirg‘izistonlik sportchilarning navbatdagi Olimpiya o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritishini tiladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq murabbiy Akmal Hasanov Chingiz Aytmatov nomidagi xalqaro oltin medal bilan taqdirlangandi. Murabbiyga ushbu mukofotni Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi elchixonasi topshirdi.
LiveBarchasi