Qirg‘iziston Pokistondagi “OAVning tanobini tortib qo‘yishni” so‘radi
Olam
−
18 may
12294Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Almaz Imangaziyev Pokistonning Qirg‘izistondagi elchisi Hasan Ali Zaygam bilan uchrashdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Pokiston tomoniga chet el fuqarolari bilan bog‘liq hodisa hamda Qirg‘iziston huquq-tartibot idoralari tomonidan noqonuniy xatti-harakatlarga chek qo‘yish va jamoat tartibini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berilgan.
Qirg‘iziston tomoni Pokiston tomoniga ham Pokiston ommaviy axborot vositalari vakillari o‘rtasida hodisa yuzasidan yolg‘on ma’lumotlar tarqatilmasligi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borishni so‘rab murojaat qilgan.
Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Almaz Imangaziyev Pokiston elchisini vaziyat Qirg‘iziston vakolatli organlari nazoratida ekanligiga ishontirgan.
Gap shundaki, biroz avval Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi 17 maydan 18 mayga o‘tar kechasi poytaxt Bishkekda xorijlik fuqarolarga nisbatan bo‘lib o‘tgan miting bo‘yicha bayonot bilan chiqib, voqea xorijiy matbuotda bo‘rttirilib yoritilayotganidan shikoyat qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 17 maydan 18 mayga o‘tar kechasi poytaxt Bishkekda mingdan ortiq odam ishtirokida miting bo‘lib o‘tdi. Unga 13 maydagi mushtlashuv sabab bo‘lgan. O‘sha kuni kechqurun Budyonniy yotoqxonasida mahalliy va xorijlik fuqarolar o‘rtasida mushtlashuv kelib chiqqan. Politsiya Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksining 280-moddasi (“Bezorilik”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan va janjalning barcha ishtirokchilari ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan.
17 may kuni kechasi sodir bo‘lgan tartibsizliklardan so‘ng 29 kishi tibbiyot muassasalariga murojaat qilgan. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, to‘rt nafar xorijlik, jumladan, uch nafar Misr fuqarosi qo‘lga olingan. Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev miting ishtirokchilarining talablarini qo‘llab-quvvatlab, respublika qonunchiligini buzayotgan xorijliklarga nisbatan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan kerakli ishlar olib borilayotgani, asosan Pokiston va Bangladesh fuqarolari huquqbuzarlik sodir etayotganini aytdi.
Bishkekdagi voqealar ortidan Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif xavotir bildirdi.
“Qirg‘izistonning Bishkek shahridagi pokistonlik talabalar bilan bog‘liq vaziyatdan chuqur tashvishdamiz. Men Pokiston elchisiga barcha zarur yordamni ko‘rsatishni buyurdim. Mening idoram ham elchixona bilan aloqada va vaziyatni doimiy ravishda kuzatib boradi”, deb yozadi u X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
LiveBarchasi