Qirg‘iziston Hukumati o‘z vazifalarini bajarishda davom etayotganligini e’lon qildi

Olam

image

Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a’zolari murojaat bilan chiqib, Hukumat o‘z vakolatlari doirasida faoliyatini davom ettirayotganini ma’lum qildi. 

“Biz, Qirg‘iziston Respublikasi hukumati a’zolari, Qirg‘iziston Respublikasi fuqarolariga mamlakatdagi amaldagi qonunchilikka rioya etilishi to‘g‘risida murojaat qilamiz. 

Qirg‘iziston Respublikasi hukumati barcha tomonlarni qonun ustuvorligiga rioya qilishga chaqiradi: 

•    Qirg‘iziston Respublikasi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining fuqarolarning hayoti va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha uzluksiz ishlashi;
•    iqtisodiy barqarorlikni saqlash va barcha iqtisodiy sub’ektlar tomonidan iqtisodiy faoliyatni davom ettirish.

Mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘sini suveren, demokratik va huquqiy davlat sifatida saqlash bizning ustuvor vazifalarimizdan biridir. 

Biz Qirg‘iziston xalqi bizga ishonib topshirilgan javobgarligimizni his etib, o‘zimizga yuklatilgan vazifalar va ishlarni bajarishda davom etamiz”, deyiladi murojaatda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Unda ro‘yxatdan o‘tgan 3,5 million saylovchining 1,98 millioni yoki 56,2 foizi qatnashgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, to‘rtta siyosiy partiya 7 foizlik barerdan o‘tib, mamlakatning eng yuqori qonun chiqaruvchi organining yangi tarkibiga kirishi mumkin. Bular “Birlik” (24 foiz), “Makonim Qirg‘iziston” (24 foiz), “Qirg‘iziston” (8 foiz) va “Butun Qirg‘iziston” (7 foiz) partiyalari.

Saylovning yakuniy natijasi 20 kun ichida e’lon qilinishi kerak edi. Ammo saylovning dastlabki natijasidan norozi partiyalar tarafdorlari Bishkekda norozilik namoyishini boshladi. Keyinroq namoyish tartibsizlikka aylanib ketdi. 

Namoyishchilar avvalo mamlakat parlamenti binosi – Oq uyni egalladi. Bu binoda Prezident Administratsiyasi ham joylashgan. 6 oktyabr kuni ertalab Hukumat binosi ham namoyishchilar qo‘liga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, aksiya ishtirokchilari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga bostirib kirib, u yerda saqlanayotgan sobiq Prezident Almazbek Atamboyevni ozod qildi. Shuningdek, siyosiy mahbuslardan sobiq Bosh vazir Sapar Isakov ham qamoqdan chiqarildi. Ozod qilinganlar orasida Bishkek shahrining sobiq meri Albek Ibraimov ham bor. 

Bugun, 6 oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini bekor qilish haqida qaror qabul qildi


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'izistondagi vaziyat

Baholaganlar

75

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing