Kemeronning Turkmanistonga safari qanday o‘tdi?

Olam

image

24 aprel kuni Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov Buyuk Britaniya Tashqi ishlar, hamdo‘stlik va taraqqiyot masalalari bo‘yicha davlat kotibi Devid Kemeronni qabul qildi. Bu haqda TDH davlat axborot agentligi xabar berdi.

Muzokaralarda neft-gaz sanoati, qishloq xo‘jaligi va yangi texnologiyalar hamkorlik uchun istiqbolli deb topildi. Iqlim o‘zgarishi mavzusiga to‘xtalib o‘tgan Berdimuhamedov “Turkmaniston xalqaro hamjamiyatning bu boradagi takliflarini to‘liq qo‘llab-quvvatlab, bu borada aniq ishlarni amalga oshirayotganini” alohida ta’kidladi.

Bundan tashqari, mamlakatlar ta’lim sohasida hamkorlik qilish niyatida, xususan, Buyuk Britaniya ingliz tilini o‘qitishni rivojlantirishga tayyor.

Ashxobodda yozib olingan X’akkauntidagi videomurojaatida Kemeron mintaqa mamlakatlariga tashrif buyurayotganini, chunki bu Buyuk Britaniya xavfsizligi va farovonligi uchun muhim ekanini aytgan.

“Hozir men Turkmaniston poytaxti Ashxoboddaman va men 1997 yildan buyon bu mamlakatga va mintaqaning boshqa davlatlariga kelgan Britaniyaning Tashqi ishlar bo‘yicha birinchi davlat kotibiman. Nega men bu yerdaman? Ilgari mintaqa bilan ko‘proq ishlashimiz kerak edi. Ammo hozir biz shu yerdamiz, chunki bu Britaniya xavfsizligi va farovonligi uchun muhim. Xavfsizlik – chunki bu mintaqa Xitoy, Rossiya va Afg‘oniston hamda bu yerdan 40 kilometr uzoqlikda joylashgan Eron o‘rtasida joylashgan. Biz butun dunyo bo‘ylab, shu jumladan bu yerda ham ishlashimiz, raqobatlashishimiz va biznes yuritishimiz kerak. Biz qilayotgan ish Buyuk Britaniya aholisini ish bilan ta’minlashi va vataniga farovonlik olib kelishi mumkin”, deydi Devid Kemeron.

Kemeronning tashrifi arafasida Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligida TIV rahbari Rashid Meredov va Buyuk Britaniya elchisi Stiven Konlon o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, yakuniga ko‘ra tomonlar uchta hujjatni imzoladilar:

  • Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi hamda Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi Tashqi ishlar, Hamdo‘stlik va taraqqiyot vazirligi o‘rtasida 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
  • Turkmaniston Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi va Moviy dengiz jamg‘armasi o‘rtasida biologik xilma-xillikni muhofaza qilish va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda Kaspiy dengizida ularni saqlashga ko‘maklashish bo‘yicha o‘zaro anglashuv va hamkorlik memorandumi;
  • Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Transport va kommunikatsiyalar agentligining “Turkmenaragatnashik” agentligi va Dialogue Events Ltd. kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv va hamkorlik memorandumi. (Buyuk Britaniya).

Ma’lumot uchun, hozirda Kemeron savdo, xavfsizlik va atrof-muhit bo‘yicha hamkorlik masalalarini muhokama qilish maqsadida Tojikiston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Qozog‘iston va Mo‘g‘ulistonga safar qilmoqda. "The Independent" nashrining yozishicha, Kemeron Markaziy Osiyo mamlakatlarining qiyinchilik bilan erishilgan mustaqilligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan ham fikr almashmoqchi. Shuningdek, u Britaniya universitetlarida xorijliklarning ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlovchi Chevening stipendiyalari uchun mablag‘ miqdori ikki baravar oshirilishi va kelgusi uch yil davomida mintaqa bo‘ylab rivojlanish xarajatlari uchun 50 million funt sterling ajratilishini ma’lum qilmoqchi.

Eslatib o‘tamiz, 22 aprel kuni Devid Kemeron Tojikistonga borgan va u yerda Prezident Imomali Rahmon qabulida bo‘lgandi. Shundan so‘ng u Bishkekda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bilan ham uchrashdi. 23 aprel kuni u Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan muzokara o‘tkazdi va tomonlar orasida Keng qamrovli sherikchilik to‘g‘risidagi deklaratsiya hamda Mintaqaviy va xalqaro bog‘liqlik hamda infratuzilma sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi imzolandi. Shu kuni u Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva bilan ham uchrashdi. Uchrashuvda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya siyosiy-diplomatik muloqotini kengaytirish, shuningdek, xalqaro maydonda konstruktiv hamkorlikni davom ettirish, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar munosabatlarni mustahkamlash, parlament aloqalarini faollashtirish masalalari muhokama qilingan. Kemeron Prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘lgani yo‘q. Chunki u 22 aprel kunidan qisqa muddatli mehnat ta’tiliga chiqqandi. Qozog‘istonda esa Kemeron Prezident Qosim-Jomart To‘qayev qabulida bo‘ldi, Tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu bilan uchrashdi va ikki davlat orasida strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.

 


Maqola muallifi

Teglar

Buyuk Britaniya Rashid Meredov Turkmaniston Serdar Berdimuhamedov Devid Kemeron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing