Qatar AQSHdan 160 dan ortiq samolyot sotib oladi

Olam

image

Bugun, 14 may kuni AQSH Prezidenti Donald Trampning Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan Dohada bo‘lib o‘tgan muzokaralari chog‘ida 160 dan ortiq samolyot sotuviga oid shartnoma imzolandi. Muzokaralarni Oq uy jonli efirga uzatdi.

Qayd etilishicha, yetakchilar muzokaralar davomida Ukraina mojarosini tinch yo‘l bilan hal qilish masalasini ham muhokama qilgan.

“Bu juda qiziqarli uchrashuv bo‘ldi va bir necha soat davom etdi. Biz tinchlik haqida gaplashdik. Rossiya va Ukraina atrofidagi vaziyatni muhokama qildik – bu borada Qatar muhim rol o‘ynamoqda. Eron masalasiga ham to‘xtaldik. U yerda vaziyat hanuz murakkab, ammo hammasi asta-sekin barqarorlashayotgandek tuyulmoqda”, dedi Tramp muzokaralardan so‘ng.

Ushbu muhim kelishuvlar orasida eng yirigi Boeing kompaniyasining 160 dan ortiq samolyotini xarid qilishga oid shartnoma bo‘ldi. Bitim qiymati qariyb 200 milliard dollarni tashkil etadi.

“Bu Boeing tarixidagi eng yirik buyurtma”, deya ta’kidladi Tramp.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Saudiya Arabistonidagi rasmiy tashrifini yakunlab, Qatar mamlakatiga tashrif buyurgandi. Trampning keyingi manzillari sifatida BAA (Birlashgan Arab Amirliklari) va ehtimoliy tarzda Turkiya ko‘rsatilgan.

Saudiya Arabistonida tashrif qanday o‘tdi?

Tramp kecha, 13 may kuni Saudiya Arabistoniga yetib kelib, yadro qurolsizlanish, xavfsizlik va texnologik hamkorlik bo‘yicha katta miqyosdagi kelishuvlar imzolagandi. Asosiy e’tibor quyidagi yo‘nalishlarga qaratilgan:

  • 142 milliard dollarlik qurol-yarog‘ savdosi bo‘yicha shartnoma tuzilgan;
  • Bu doirada Saudiya Arabistoniga eng zamonaviy harbiy texnika va xizmatlar yetkazib beriladi;
  • Hamkorlik havo hujumidan mudofaa, kosmik texnologiyalar, dengiz va chegaralar xavfsizligi, AKT tizimlarini qamrab oladi;
  • Saudiya harbiy kuchlari salohiyatini oshirish uchun keng ko‘lamli tayyorgarlik dasturlari ham nazarda tutilgan.

Suriya bo‘yicha keskin burilish

Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan paytda Tramp Suriyaga qarshi barcha AQSH sanksiyalarini bekor qilishini e’lon qildi. Bu qaror ijtimoiy va diplomatik doiralarda katta rezonansga sabab bo‘ldi. Tramp, shuningdek, Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara bilan uchrashdi va uni Isroilni tan olish va Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilishga da’vat etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Tamim bin Hamad Ol Soniy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing