Qashqadaryoda uyida 2 bosh qush saqlagan shaxs tabiatga 1,5 mlrd zarar yetkazdi
3-sahifa
−
26 dekabr
21568Qashqadaryo viloyatida 2 bosh noyob qushni noqonuniy saqlab kelgan erkak tabiatga 1 yarim milliarddan ortiq zarar yetkazdi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Kasbi tumanida yashovchi fuqaro X.N. tomonidan yashash xonadonida 2 bosh itolg‘i qushi hech qanday ruxsatnomasiz saqlab kelinayotgani ma’lum bo‘lgan.
Holat yuzasidan fuqaroga nisbatan dalolatnoma tuzilib, qushlar reabilitatsiya qilish va vaqtinchalik qonuniy to‘xtamga kelgunga qadar saqlab turish maqsadida Samarqand viloyatidagi “Zarafshon” milliy tabiat bog‘iga topshirilgan.
Noqonuniy harakat oqibatida X.N. tomonidan hayvonot dunyosiga 1 milliard 687 million 500 ming so‘m zarar yetkazilgan.
Ma’lumot uchun, itolg‘i qushi yo‘qolib borayotgan tur sifatida Qizil kitob, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining Qizil ro‘yxati hamda CITES Konvensiyasining II ilovasiga kiritilgan. Uning Global populyatsiyasi 2010 yilda 5,4–15,4 ming juft ekanligi qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘iston Respublikasida 3 bosh Buxoro bug‘usi ovlanib, tabiatga 3 milliarddan ortiq zarar yetkazilgandi. Holat yuzasidan fuqaro M.K. Jinoyat kodeksining 202-moddasi (Hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinib, qo‘lga olingan.
LiveBarchasi