Qashqadaryoda qum mahsulotlarini noqonuniy qazigan shaxslar ushlandi
3-sahifa
−
15 mart
5647Qashqadaryo viloyatida qurilish mahsulotlarini noqonuniy ravishda qazigan fuqarolar aniqlandi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, tegishli tashkilotlar va Qashqadaryo viloyati ekologiya boshqarmasi tomonidan Qarshi tumani hududidan oqib o‘tuvchi Qashqadaryo daryosida reyd tadbirlari o‘tkazilgan.
Reyd davomida daryo qirg‘og‘idagi muhofaza mintaqasida fuqaro F. K. noqonuniy tarzda tabiiy qum mahsulotlarini o‘z ehtiyojlari uchun ma’lum bir haq evaziga qazib olib ketayotganligi aniqlangan. U buning uchun 1 dona “Doosan Solar 300LS-V” rusumli ekskavator va "KamAZ" rusumli yuk tashuvchi transport vositasidan foydalangan.
Mazkur holatda tabiatga yetkazilgan zarar 19 mlrd 433 mln 914 ming 337 so‘mga baholangan.
Bundan tashqari, mazkur hududda fuqaro R. Q. tomonidan 1 dona ekskavator, "Schackmann" va "KamAZ" rusumli yuk mashinasi yordamida tabiiy qum mahsuloti noqonuniy tarzda qazib olinayotganligi aniqlandi. Bu holatda tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 22 mlrd 155 mln 780 ming so‘mni tashkil qilgan.
"Qonun buzilishi yuzasidan Ma’muriy jinoyat to‘g‘risidagi kodeksning 291-moddasi “v” bandiga asosan texnika vositalari jarima maydoniga joylashtirildi. Shuningdek, holatga huquqiy baho berish va aybdorlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni ta’minlash maqsadida tegishli hujjatlar Bosh prokuraturaga yuborildi", deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Samarqandda noqonuniy oltin qazish bilan shug‘ullanayotgan shaxslar qo‘lga olingandi.
Rayhona Ulkanbayeva
LiveBarchasi