Qashqadaryoda gazballon portlashi ortidan bir kishining o‘limiga sabab bo‘lgan talaba qamaldi

3-sahifa

image

Joriy yilning 18 mart kuni Qashqadaryo viloyatida Navro‘z saylida gazballon portlashi oqibatida 40 ga yaqin kishi jarohatlangani haqida xabar berilgandi. Gazballonni o‘rnatgan 22 yoshli talaba yigitga sud hukmi o‘qildi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilin tanishdi.  

Hukmda keltirilishicha, 2002 yilda Chiroqchi tumanida tug‘ilgan, Toshkent iqtisodiyot va texnologiyalar instituti talabasi bo‘lgan B.Sh. Ko‘kdala tumanida o‘tkazilgan Navro‘z bayrami sayliga 27 litr sig‘imdagi gazballon olib borgan. U saylda baliq pishirib sotmoqchi bo‘lgan.

Profilaktika inspektori yigitga bir necha bor gazballonini aholi to‘planib turgan hududdan chetroqqa olish yoki yerga ko‘mishini aytgan. Ammo B.Sh. ehtiyotkorlik chora-tadbirlariga amal qilmasdan, gazballonga gaz plitasini o‘rnatib, undan foydalana boshlagan. Ko‘p o‘tmay gazballon portlab ketgan.

Hodisa oqibatida 7 kishi o‘rtacha og‘ir, 7 kishi og‘ir tan jarohati olgan. Bir kishi esa 80 foiz kuyish jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan. Biroq bemor ayol 2024 yil 25 aprel kuni shifoxonada vafot etgan.

B.Sh. sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan.

“Tirikchilik qilish maqsadida 5-6 yillardan buyon bozor hamda bayramlarda baliq pishirish bilan shug‘ullanib kelaman. 2024 yil 18 mart kuni To‘qmor mahallasida bo‘layotgan Navro‘z bayramiga baliq pishirib sotish uchun bordim. Men borgan vaqtimda bayramda 100 nafardan ortiq odam bor edi. Dalaning bir chetiga gazballon, o‘choq va qozonlarni o‘rnatib, baliq pishirishni boshladim. Oradan taxminan 1-2 soat vaqt o‘tganidan so‘ng bayramga 500 atrofida odam yig‘ildi. Soat 11:00 larda portlagan ovoz eshitildi. O‘sha holatda o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim, shifoxonaga borganimdan so‘ng o‘zimga keldim. Keyinchalik ishlatilmagan, ya’ni zaxirada turgan gazballon portlaganini bildim”, degan yigit o‘z ko‘rsatmasida.

U qilgan ishidan pushaymonligi, ehtiyotsizlik qilganini aytib, suddan o‘ziga nisbatan qonuniy yengillik berishni so‘ragan. 

Sud B.Sh.ni Jinoyat kodeksining 102-moddasi 1-qismi (Ehtiyotsizlik orqasida odam o‘ldirish) va 111-moddasi 3-qismida (Ehtiyotsizlik orqasida ikki yoki undan ortiq shaxs badaniga o‘rtacha og‘ir yoki badanga og‘ir shikast yetkazish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi. Unga nisbatan 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Yigitga qo‘llangan munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat ehtiyot chorasi o‘zgartirilib, u sud zalida qamoqqa olingan.


Maqola muallifi

Teglar

Qashqadaryo portlash gazballon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing