Qashqadaryoda bo‘ri qiynoqqa solindi (video)
3-sahifa
−
15 dekabr 2023
16585Bir necha kun avval ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolar bo‘rini mashinaga solib, qiynayotgani aks etgan video tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Bildirilishicha, voqea 11 dekabr kuni Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida sodir bo‘lgan. "Yakkadaraxt" MFYda yashovchi fuqaroning qo‘ylariga bo‘ri hujum qilgan. Shu sabab bir nechta shaxs tomonidan yovvoyi hayvon ushlangan va uyga olib kelib, mashinaga bog‘lab qo‘yilgan.
Boshqarma bergan ma’lumotga ko‘ra, qonunbuzarlar voqeaning ertasi kuni yirtqich hayvon haqida tegishli tashkilotlarga xabar bermoqchi bo‘lgan. Ammo bo‘ri 11-dekabr kuni kechqurun qochib ketgan.
Shuningdek, boshqarma ijtimoiy tarmoqlardagi bo‘rining o‘ldirilgani haqidagi xabarlar asossiz ekani, hozirda bo‘rini qiynoqqa solgan fuqarolarning shaxsi aniqlanayotgani bildirilgan. Boshqarma surishtiruv yakunlanganidan so‘ng, qonunbuzarlarga nisbatan chora ko‘rilishini ham qo‘shimcha qilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 111-moddasiga ko‘ra, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, ya’ni ularni g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda qiynoqqa solish yoki azob berish bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan (1 million 20 ming so‘m) 5 baravarigacha (1 million 700 ming so‘m) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan (1 million 700 ming so‘m) o‘n baravarigacha (3 million 400 ming so‘m) miqdorda jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llaniladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatida 11 ta yovvoyi qum tovushqonini ovlagan shaxs jarimaga tortilgandi.