Qashqadaryoda blogerlar qamalishi avj oldi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda “AvtoblogUZ” Telegram kanali asoschisi Maqsud Muzaffarov hamda qashqadaryolik yana bir taniqli bloger Umid Karimov (“Kapitan Karimov”) Ichki ishlar xodimlari bilan tortishgani uchun qo‘lga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Maqsud Muzaffarov o‘zining blogida bu bo‘yicha ma’lum qilib, voqea tafsilotlari bo‘yicha qisqacha video joylashtirdi.

Maqsud Muzaffarov o‘zining murojaatida tezkor xabar kutamiz, deb videomurojaatini yakunlagan. Shundan so‘ng u bilan ham aloqaga chiqishning imkoni bo‘lmagani haqida xabar berildi.

Shuningdek, sobiq deputat, ayni paytda Tabiat resurslari vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev har ikki blogerni tanishini, ular jinoyatchi emas, faol va talabchan fuqarolar ekani haqida yozib qoldirdi. 

Rasul Kusherbayev fuqarolarning befarq bo‘lmasligi adolatli, demokratik, kuchli fuqarolik jamiyatini qurish yo‘lida muhim ekanini ta’kidlagan. Biroq, uning bildirishicha, “amalda faol bo‘lib, bir og‘iz savol bergan yoki e’tiroz bildirganlarni “yopish” to‘xtamayapti”. 

“Bu hammani cho‘chitadi. Masalan, qashqadaryolik blogerlarni ichki ishlar xodimlariga e’tiroz bildirgani va qonuniylikni talab qilgani uchun IIB binosiga olib ketib sud orqali qamashmoqchi ekanligi haqida xabarlar tarqalmoqda. Agar shunday bo‘lsa bu dahshat: yangi Konstitutsiya, yangi O‘zbekiston, degan gaplar shunchaki havoda degan xulosa beradi.  O‘zim shaxsan bu ikki blogerni taniyman. Ular jinoyatchi emas, ular jamiyatning uyg‘oq, faol, talabchan fuqarolari xolos”, deb yozgan u.

Kusherbayevning yozishicha, ichki ishlar va sud idoralarida konstitutsiya va qonun nima ekanligini tushunadigan, shaxsiy EGOsini qondiraman, deb mamlakat obro‘sini tushirmaslikni o‘ylaydiganlar ham bor.

Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirib, mazkur blogerlarga nisbatan qamoqqa olish jazosi tayinlanganini ma’lum qildi.

Boshqarmaning bildirishicha, shu yilning 29 may kuni taxminan soat 10:20 larda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahar IIB YHXB xodimlari “Pillakashlik” mahallasining Pillakashlik ko‘chasida 2 ta davlat raqamisiz, oynalari to‘liq qoraytirilgan hamda ruxsatsiz qayta jihozlangan Gentra avtomashinalarga nisbatan hujjatlarni rasmiylashtirishda transport vositalari haydovchilari (yuqorida ismlari keltirilgan blogerlar nazarda tutilmoqda) ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan janjal chiqarib, ommani o‘ziga qaratgan.

Boshqarma tomonidan holatga aniqlik kiritilib, ularning shaxsi aniqlangach, fuqarolar A.A., M.M. va U.K.larga nisbatan qonunchilik tartibi buzilganligi holati bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy to‘xtamga kelishlik uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz shahar sudiga yuborilgan.

“Sudning 2023 yil 29 may kunidagi qaroriga binoan fuqaro A.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi, 125-moddasi 3-qismi, 126-moddasi 1-qismi, 127-moddasi 2-qismi va 125-moddasi 5-qismi, U.K.ga 183-moddasi hamda M.M.ga 183-moddasi, 126-moddasi 1-qismi, 125-moddasi 5-qismiga asosan, huquqbuzarlarning har biriga 5 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida yashovchi bloger Elmurod Odilov pilla punktida IIB xodimlari tomonidan o‘lasi qilib kaltaklangani, shundan so‘ng izsiz yo‘qolgani to‘g‘risidagi xabarlar tarqalgandi. Mazkur holat yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi izoh berib, Odilov pilla topshirish maskaniga borgani, u yerda fermerlarning ishiga aralashib, ularga turli nomunosib savol-javoblar qilishi oqibatida janjal kelib chiqqani va u fermerlarni haqorat qilganini ma’lum qilgandi. Keyinchalik mazkur blogerga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangani xabar qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Qashqadaryo blogerlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing