Qashqadaryoda 30 yoshli kelin qaynotasining ov miltig‘i otilib ketishi oqibatida halok bo‘ldi
3-sahifa
−
26 Sentabr
13536Qashqadaryo viloyatida beparvolik bilan saqlab kelingan ov miltig‘i otilib ketishi oqibatida ayol kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Yakkabog‘ tumani "O‘rta MFY"da yashovchi Q.N. 2013 yilda o‘ziga biriktirilgan otish uchun yaroqli bo‘lgan “Toz-16” rusumli ov quroli va uning o‘qlarini saqlashda beparvolik qilgan. Jumladan, u 2024 yil 22 sentyabr kuni ov qurolini Husen qishlog‘ida joylashgan molxona binosi yonidagi omborxonada joylashgan seyfga tiqib qo‘yishni unutib, ochiqda qoldirgan.
O‘sha kuni soat 14:30 larda Q.N.ning kelini M.J. molxonani tozalash uchun kirgan va qurolni seyfga joylamoqchi bo‘lgan. Shu vaqtda miltiq otilib ketgan va o‘q ayolning boshiga tegib uni jarohatlagan. Oqibatda ayol voqea joyida halok bo‘lgan.
Mazkur holatda qurol saqlashda ehtiyotsizlik qilgan Q.N.ning harakatlarida jinoyat tarkibi bo‘lgani uchun, 2024 yil 24 sentyabr kuni unga nisbatan tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 249-moddasi (Qurolni va uning o‘q-dorilarini saqlash, olib yurish, tashish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi Yakkabog‘ tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limiga yuborilgan.
Madina Salimova