Qashqadaryoda hokimlikka mollarni haydab kelgan fuqaro qamaldi
3-sahifa
−
05 mart 2023
18170Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida tadbirkor chorva mollarini hokimlik binosi yoniga haydab borgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 27 fevral kuni fuqaro J.P. akasiga tegishli chorva mollarini G‘uzor tuman hokimligi ma’muriy binosi oldiga haydab kelgan. Fuqaroning xatti-harakati yuzasidan G‘uzor tuman IIB tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilgan.
Ma’lum qilinishicha, fuqaro jamoat joyida yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan qilgan mazkur xatti-harakatlari bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan.
Mazkur huquqbuzarlik yuzasidan to‘plangan hujjatlar JIB Qamashi tuman sudiga yuborilgan.
Sudning 2023 yil 3 mart kunidagi qaroriga ko‘ra huquqbuzar J.P.ga yetti sutka qamoq jazosi tayinlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, u kredit mablag‘larini o‘zlashtirishda ayblanib, qamoqqa olingan akasini qamoqdan chiqarishni talab qilib o‘ziga tegishli chorva mollarini tuman hokimligi binosi oldiga haydab kelgan.