Qarshida yosh bolalarni bosib ketishiga oz qolgan “avtoterrorchi” qamaldi
3-sahifa
−
16:22 1113 2 daqiqa
Avvalroq, Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida Damas avtomashinasini haydovchilik guvohnomasisiz boshqargan va ko‘p qavatli uylar oralab yuqori tezlikda harakatlanib, voyaga yetmaganlar hayotini xavf ostiga qo‘ygan haydovchi ushlangani xabar qilingan edi. Haydovchiga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, haydovchi Damas avtomashinasini boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan holda harakatlangan va ko‘p qavatli uylar oralab yuqori tezlikda yurib, voyaga yetmaganlar hayotini xavf ostiga qo‘ygan.
Sudda haydovchi qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan va tavakkal qilib avtomashinani boshqarganini aytgan.
“Hammadan uzr so‘rayman. Qilgan ishim xato ekanini ham tushunib yetdim. Hech kimga tavsiya bermayman. Boshqarish huquqiga ega bo‘lgandan keyin boshqarishni tavsiya qilaman. Bir marta adashib, yoshlik qilib qo‘ydim, uzr so‘rayman. O‘zimga kerakli xulosa chiqarib oldim”, deydi haydovchi.
Sud qaroriga ko‘ra, unga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismi, 125-moddasining (transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish) 5-qismi, 128-5-moddasining (transport vositalari haydovchilarining xalaqit berishi yoki avariya holatini yuzaga keltirishi, yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga chiqishi) 2-qismi hamda 128-10-moddasining (yo‘l bezoriligi) 2-qismi bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatida ota voyaga yetmagan 11 yoshli farzandiga avtomobilni boshqarishga bergani xabar qilingandi. Transport vositasini boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan shaxsga avtomobilni bamaylixotir topshirgan otaga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Live
Barchasi