Qashqadaryoda yosh bolalarni bosib ketishiga oz qolgan “avtoterrorchi” ushlandi (video)

3-sahifa

image

Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida Damas avtomashinasini haydovchilik guvohnomasisiz boshqargan va ko‘p qavatli uylar oralab yuqori tezlikda harakatlanib, voyaga yetmaganlar hayotini xavf ostiga qo‘ygan haydovchi ushlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.

Aniqlanishicha, Damas avtomashinasi haydovchisi Qarshi shahri “Cho‘lquvar” MFY hududida joylashgan ko‘p qavatli binolar oralab yuqori tezlikda harakatlangan hamda shu yerdagi profilaktika inspektori va fuqarolarning to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan voyaga yetmaganlarning hayotini xavf ostiga qo‘ygan.  

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarga ko‘ra, Damas katta tezlikda ko‘p qavatli uylar oralab harakatlanayotgan bo‘lgan, shu vaqtda ko‘chada bir qancha yosh bolalar ham o‘ynayotgan bo‘lgan. Avtomobil katta tezlikda kelayotganda, bolalar tor yo‘lning ikki chetiga qochgan, bir fuqaro esa soniyalar ichida yosh bolalarning o‘yinchog‘ini chetga olib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan.  

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur 21 yoshli “shovvoz”ning haydovchilik guvohnomasi ham bo‘lmagan. U akasining avtomashinasini ruxsatsiz olib ketganini bildirgan.

“Akamdan beruxsat Damas avtomashinasini minib ketdim. Mahallada qo‘pol ravishda tez haydadim. Yosh bola chiqib qolgan ekan, ko‘rmay qoldim. Yosh bolalar borligini o‘ylamagan ekanman. O‘sha bolalarning ota-onasidan ming bor uzr so‘rayman. Qilgan ishimdan pushaymonman. O‘sha vaqtda stress holatda edim. Haydovchilik guvohnomasini olmagunimcha boshqa umuman mashina haydamayman”, degan haydovchi.

Holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 125-modda (Transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish) 5-qismi, 128-5-modda (Transport vositalari haydovchilarining xalaqit berishi yoki avariya holatini yuzaga keltirishi, yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga chiqishi) 2-qismi, 128-10-modda (Yo‘l bezoriligi) 2-qismi hamda 135-modda (Yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi) 2-qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganligi sababli haydovchiga nisbatan tegishli tartibda ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandda Malibu 2 haydovchisi biryo‘la 8 nafar piyodaga yo‘l bermay, ularning hayotiga xavf solgan holda yo‘l bezoriligini sodir etgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing