Qarshida Suriyadagi terrorchilar safiga qo‘shilish orzusidagi 15 kishi qo‘lga olindi

Jamiyat

image

Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida muqaddam jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxs tomonidan tashkil etilgan noqonuniy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Guruh a’zolari bosqinchilik jinoyatlarini sodir etish orqali yo‘l xarajatlariga pul yig‘ib, so‘ngra Suriyaga borib, terrorchilik tashkilotlari safiga qo‘shilishni rejalashtirgan. Ular Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar xodimlarining qo‘shma tadbirida qo‘lga olindi. Bu haqda "O‘zbekiston 24" telekanali lavhasida ma’lum qilindi.

Guruhni tuzgan 52 yoshli fuqaro avval “Jihodchilar” diniy-ekstremistik oqimiga a’zo bo‘lgani uchun 2004-2008 yillarda jazo muddatini o‘tagan bo‘lsa-da, yana shu yo‘lda davom etgan. U yashash manzilida bu safar 1994, 1996, 1998 yilda tug‘ilgan farzandlari, 2000 yilda tug‘ilgan jiyani va 1974-1998 yillar oralig‘ida tug‘ilgan 11 nafar fuqarodan iborat noqonuniy guruh tashkil etib, “Jihodchilar” oqimi g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab kelgan.

Shuningdek, guruh a’zolarini hijrat va jihod qilishga, Suriya davlatiga borib “Tavhid va Jihod katibasi” terrorchilik tashkilotiga qo‘shilishga chorlagan.

Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqda guruh ochib, unga diniy-ekstremistik oqimlar va terrorchilik tashkilotlarining g‘oyaviy rahnamolari bo‘lmish Abu Saloh, Abdulloh Zufar, Sodiq Samarqandiy va boshqalarning hijrat, jihod va shahidlikka chorlovchi audio, video materiallarini joylashtirib, targ‘ibot ishlari olib borgan.

Guruh yetakchisining ko‘rsatmasi bilan uning a’zolari bosqinchilik jinoyatlari orqali yo‘l xarajatlari uchun pul yig‘ib, so‘ngra Suriyaga borib, terroristik tashkilotlar safiga qo‘shilishni rejalashtirgan.

Ularning yashash manzillarida topilgan kompyuter protsessori, noutbuk, dron, flesh-kartalar, telefon apparatlari, diniy mazmundagi adabiyotlar, shuningdek, bir donadan o‘qotar va pnevmatik qurol hamda patronlar va gilzalar protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Guruh a’zolari orasida MCHJ rahbari va ishchisi, buyum bozori sotuvchisi va talaba ham bor.


Maqola muallifi

Teglar

terrorchilik

Baholaganlar

1016

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing