Qarshida IIB xodimi prokurorga qarshi chiqdi. BP IIB xodimiga qarshi bayonot e’lon qildi 

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Qarshi shahar prokurorining talablarini bajarishni rad etib, fuqaroning tarafini olgani aks etgan videoxabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Bosh prokuratura munosabat bildirdi. 

Mazkur tarqalgan videodan ko‘rish mumkinki, Qarshi shahar 4-sonli IIB boshlig‘i prokurorga e’tiroz bildirib, fuqaroning yonini olgan. 

“Siz huquqni himoya qiluvchi shaxs bo‘lsangiz, men ham fuqarolarning xavfsizligini ta’minlaydigan odamman. Siz ham, men ham Prezidentning odamimiz”, deydi videoda IIB boshlig‘i.

Shuningdek, u prokurordan agar unga nisbatan shaxsiy adovati bo‘lsa, ochiqchasiga gaplashib olishini so‘ragan.

“Siz odamlarni bunday qaqshatmang. Yoqib yubordi emas, ustidan quydi. Xudodan qo‘rqing, tuhmat qilmang, bola-chaqa o‘stiryapsiz. Xohlagan kattangizga chiqing, men pensiyaga chiqsam chiqamanki, bunday qilmayman. Men xalqimni yaxshi ko‘raman, xalqimni sevaman”, deydi IIB boshlig‘i.

Bosh prokuraturaga ko‘ra, fuqaro B.X. tegishli hujjatlarsiz, o‘zboshimchalik bilan Qashqadaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining kirish darvozasi yonida savdo do‘konini qurib olgan. Ushbu savdo do‘koni tez tibbiy yordam mashinalarining shifoxona hududiga kirib-chiqishiga to‘sqinlik qilgani va fuqarolarning e’tirozlariga sabab bo‘layotgani uchun B.X. noqonuniy qurilmani ixtiyoriy buzib olish to‘g‘risida bir necha marta ogohlantirilgan. Shuningdek, u bu ishi bo‘yicha ma’muriy javobgarlikka tortilgan. 

Shunday bo‘lsada, fuqaro noqonuniy qurilishni bartaraf etish choralarini ko‘rmagan. 

Mazkur holat Qarshi shahar prokurori tomonidan nazoratga olingan bo‘lib, shu yil 13 aprel kuni Qarshi shahar 4-sonli IIB boshlig‘i A.J. mutasaddi idoralar bilan birgalikda B.X.ga noqonuniy qurilmani ixtiyoriy bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma berish uchun borgan.

Shu vaqtda B.X.ning turmush o‘rtog‘i mas’ul xodimlarga faol qarshilik ko‘rsatib, ularni xizmat vazifalarini bajarishdan voz kechishiga majburlash maqsadida savdo do‘konini buzmasligini bildirgan. Bundan tashqari, ayol kiyimlariga benzin sepib, o‘zini-o‘zi yoqish bilan qo‘rqitgan.

Bosh prokuraturaning bildirishicha, A.J. o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarishdan bo‘yin tovlab, fuqaroga noqonuniy qurilmani ixtiyoriy bartaraf etish haqidagi dalolatnomani topshirish choralarini ko‘rmagan. Shu bilan birga, u soxta obro‘ orttirish maqsadida shahar prokurorining o‘z xizmat vazifalarini lozim darajada bajarishi haqidagi talabiga nisbatan go‘yoki prokuror fuqaro manfaatlariga zid harakat qilayotgani haqida asossiz vajlar keltirib, e’tiroz bildirgan.

“Ma’lumot o‘rnida, B.X. tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurilgan noqonuniy bino ixtiyoriy bartaraf etilmagani sababli, Kadastr agentligi Qarshi shahar bo‘limi tomonidan sudga kiritilgan da’vo arizasi fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudining hal qiluv qarori bilan qanoatlantirilgan. Javobgarga noqonuniy qurilmani majburiy tartibda buzdirish va yer maydonini foydalanishga yaroqli holatga keltirish majburiyati yuklatilgan”, deyiladi BP bayonotida.


Maqola muallifi

Teglar

Bosh prokuratura IIB Qarshi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing