Qarshi hujum: Afg‘oniston hukumat kuchlari bir qancha tumanni “Tolibon”dan ozod qildi
Olam
−
24 iyun 2021
16226Afg‘oniston hukumat kuchlari mamlakat shimolidagi qator tumanlarni “Tolibon”dan ozod qilib, o‘z nazoratini o‘rnatdi. Xavfsizlik kuchlari tomonidan o‘tkazilgan operatsiyada 200 nafar tolib halok bo‘ldi va 100 dan ortig‘i jarohatlandi. Bu haqda “Reporterly” portali Afg‘oniston Mudofaa vazirligi vakili Favad Amanga tayanib xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari mamlakat shimolida “Tolibon”ga qarshi hujumlarni kuchaytirmoqda. Operatsiya davomida 5 ta tuman ozod qilingan. Jangarilarning qarshi hujumlari qaytarilgan.
Hukumat kuchlarining hujumini “Tolibon”ga qarshi bo‘lgan mahalliy aholi qo‘llab-quvvatlamoqda. Afg‘oniston viloyatlarida mamlakat xavfsizlik kuchlarini qo‘llab-quvvatlash uchun o‘zini himoya qilish bo‘linmalari tuzilmoqda.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, 22 iyun holatiga Afg‘onistonning 50 dan ortiq tumanini egallagan.
Faollashib qolgan “Tolibon”
Tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi o‘n kun ichida Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegaradosh to‘rt viloyatida hukumat kuchlari va “Tolibon” o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lgan.
Natijada Tahor viloyatining Chaheb, Yangi Kal’a, Darkad, Dashti Qal’a, Xojag‘or tumanlari, Qunduz viloyatining Dashti Archi, Imom Sohib va Qal’ai Zol tumanlari, shuningdek Sherxon-Bandar va Kokul nazorat punktlari “Tolibon” nazorati ostiga o‘tdi. Postni qo‘riqlagan afg‘on askarlari Tojikistonga qochib o‘tgan.
Ma’lumot o‘rnida, Sherxon-Bandar bojxona posti — Tojikiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi muhim savdo va qayta yuklash punkti, u orqali Tojikistonning Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyodan, shu jumladan Pokiston hamda Erondan keladigan yuklari o‘tadi.
Joriy yilning 1 iyun holatiga ko‘ra, Afg‘onistonning 50 foizini (34 ta provinsiyaning 17 tasi) “Tolibon” harakati nazorat qilmoqda.
So‘nggi bir oy ichida u “Tolibon” kuchlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Faryob, Juzjon va Sari-Pul hududlarida kurash olib borgandi.
Qayd etish kerakki, AQSH o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishni boshlagandan beri “Tolibon” keskin harakat qilmoqda. Xususan, joriy yilning iyun oyida “Tolibon” harakati Afg‘oniston shimolidagi Faryob provinsiyasining Davlat Obod, Qaysar va Ghor provinsiyasining Shahrek hamda Uruzgan provinsiyasining Gizob tumanlarini qo‘lga kiritgan edi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida AQSH Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish ishlarini boshlab yubordi. Shu vaqtgacha Amerika o‘z harbiy kontingentining uchdan bir qismini bu mamlakatdan olib chiqib ketdi.
Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil fevral oyi oxirida AQSH va “Tolibon” tinchlik shartnomasini imzoladi. Kelishuvga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari shartnoma tuzilganidan 14 oy o‘tgach, aniqrog‘i 2021 yilning mayigacha Afg‘onistonni tark etishi kerak edi. Biroq bu jarayonning “start” olishi biroz kechikdi.
Joriy yilning 14 aprel kuni Prezident Jo Bayden AQSHning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlanganini va 1 maydan boshlab ushbu mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashini e’lon qildi. Unga ko‘ra, qo‘shinlarni olib chiqib ketish 11 sentyabrgacha yakunlanishi kerak.
LiveBarchasi