Qamoqdagi Imron Xonning bir ko‘zi deyarli ko‘rmay qoldi
Olam
−
16:57 2036 2 daqiqa
Qamoqda saqlanayotgan Pokistonning sobiq bosh vaziri Imron Xon o‘ng ko‘zining ko‘rish qobiliyatini deyarli yo‘qotdi. Bu haqda advokat Salmon Safdor kecha, 12 fevral kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Xonning bir ko‘zi atigi 15 foiz ko‘rish qobiliyatini saqlab qolgan. Safdor shu hafta qamoqxonada mijozini ko‘rgan va uning sog‘lig‘i bo‘yicha xavotirlarini Pokiston Oliy sudi hamda bosh sudyaga yetkazgan. Advokat Imron Xonga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatishni so‘ragan. U Imron Xon bilan uchrashuv vaqtida ko‘zlari yoshlanganini, ularni tez-tez artganini aytgan.
Imron Xonning o‘g‘li Qosim Xon otasining ahvolini qamoqdagi beparvolik bilan izohladi. U ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida mas’uliyatni amaldagi hokimiyat va harbiy rahbariyat zimmasiga yuklagan.
Rasmiylar esa avvalroq Xon joriy yilning yanvar oyida Islomoboddagi davlat shifoxonasida 20 daqiqalik tibbiy ko‘rikdan o‘tganini bildirgan. Axborot vaziri Attaulloh Tarar o‘sha paytda Xonning ahvoli yaxshi ekanini bildirgan. Hukumat vakillari sobiq rahbarga nisbatan qamoqda yomon munosabat bo‘layotgani haqidagi da’volarni rad etib kelmoqda. Oliy sud Xonning qamoqdagi sharoitlari bo‘yicha hisobot so‘ragan.
Ma’lumot uchun, Imron Xon 2018–2022 yillarda Pokiston bosh vaziri bo‘lgan. 2022 yilda hukumat va mamlakatning qudratli harbiy tuzilmasi o‘rtasidagi ziddiyatlar tufayli ishonchsizlik votumi bilan lavozimidan chetlatilgan. 2023 yildan beri qamoqda saqlanmoqda. O‘tgan yil oxirida u rafiqasi bilan birga korrupsiya ayblovlari bilan 17 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Sobiq bosh vazirning 2023 yil may oyida hibsga olinishi mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlariga sabab bo‘lgan. Ayrim hududlarda tartibsizliklar yuz bergan va yuzlab odamlar qo‘lga olingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMTning inson huquqlari bo‘yicha ishchi guruhi Pokistonning sobiq bosh vaziri Imron Xonni zudlik bilan qamoqdan ozod qilishni talab qilgandi.
Jamshidbek Amirov
Live
Barchasi