Qamchibek Tashiyev deputatlikka nomzodlarni qattiq ogohlantirdi
Olam
−
04 Oktabr 6412 4 daqiqa
Qirg‘iziston Bosh vaziri o‘rinbosari, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida Jogorku Kenesh (parlament) deputatligiga ayrim nomzodlar mamlakat rahbariyatining qo‘llab-quvvatlashi yoki duosini olgani haqidagi mish-mishlarga izoh berdi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.
“Ba’zi nomzodlar jamoatchilik orasida “Sadir Japarovning o‘zi ularni qo‘llab-quvvatlayapti” yoki “Qamchibek Tashiyevning duosini oldim” degan mish-mishlarni tarqatmoqda. Bu kabi bayonotlarga ishonmang, o‘sha paytdagi inqiloblar va rejim o‘zgarishiga sabab bo‘lgan avvalgi hukumatlarning xatolarini takrorlamaymiz”, degan u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim deputatlar mamlakat oliy rahbariyatining qo‘llab-quvvatlashini ta’minlashga harakat qilgan.
“Odatlarni sindirish qiyin, bilaman, ba’zi nomzodlar biz bilan uchrashib, duoimizni olishga ishtiyoqmand bo‘lishdi. Ba’zilari hatto yaqin do‘stlarimizga, oila a’zolarimizga murojaat qilishdi. Ularning ham, mening ham bunday odamlarga vaqtimiz yo‘q. O‘zimizning ishimiz yetarli, uyqumiz kam. Agar o‘zimiznikilarni olib kelmoqchi bo‘lsak, nega saylov tizimini o‘zgartirish kerak? Nega eski saylov tizimini saqlab qolmay, undan rohatlanib qolmaylik?!” deydi Tashiyev.
Shuningdek, u nomzodlarni qonunbuzarliklar aniqlansa, “jazo qattiq bo‘lishidan” ogohlantirdi.
“Vaqt bo‘lishi bilanoq, nomzodlar hokimiyatni tanqid qilishni o‘zlariga qulay deb biladi, ammo oxirgi besh yil ichida sodir bo‘lgan o‘zgarishlardan so‘ng, aksincha, hokimiyatni qo‘llab-quvvatlovchi odamlarda imkoniyat ko‘proq. Shuning uchun ular bizning nomlarimizdan foydalanadi.
Saylovlarning adolatli o‘tishini ta’minlash uchun nazorat kuchaytiriladi. Men nomzodlarni ogohlantirmoqchiman: har qanday manipulyatsiyadan saqlaning. Baribir hammasi oshkor bo‘ladi, keyin jazo qattiq bo‘ladi!” ta’kidlaydi u.
Qirg‘izistonda parlamentning muddatidan oldingi saylovlari joriy yilning 30 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Qonunchilik yig‘ini spikeri Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘lining aytishicha, barcha tartiblarga ko‘ra saylovlar shu sanada o‘tkazilishi lozim. Shuningdek, u ovoz berish jarayoni halol hamda ochiq o‘tishini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq parlament deputatlari bir ovozdan o‘zini o‘zi tarqatib yuborishga qaror qilgani haqida xabar berilgan edi. Spikerning tushuntirishicha, bu qadam 2026 yil noyabriga belgilangan parlament saylovlari bilan 2027 yil yanvariga rejalashtirilgan prezident saylovi orasidagi vaqt farqini oshirish uchun qilingan. Amaldagi chaqiriq esa yangi tarkib kelgunga qadar o‘z vakolatlarini saqlab qoladi. Zarurat bo‘lsa, spiker parlamentning navbatdan tashqari yig‘ilishini chaqirishi mumkin.
Qayd etish joiz, joriy yilning iyun oyida mamlakat Prezidenti Sadir Japarov parlament saylov tizimiga o‘zgartirish kirituvchi qonunni imzolagan. Oldin deputatlar 54 o‘ringa partiyalar ro‘yxati bo‘yicha, yana 36 o‘ringa esa yakka mandatli okruglardan saylanar edi. Endilikda esa 30 ta ko‘p mandatli hududiy saylov okruglari tuzilib, ularning har biridan 3 nafardan deputat saylanadi. Nomzodlarni siyosiy partiyalar ham, mustaqil ravishda fuqarolar ham ko‘rsata oladi. Shuningdek, saylovlarda masofaviy yoki elektron ovoz berish tizimi ham qo‘llanishi mumkin. Bu masala saylov tayinlanayotganda alohida qaror qilinadi.
Ma’lumot uchun, 2020 yil 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda parlament saylovi bo‘lib o‘tgandi va dastlabki natijalar e’lon qilingach, hukumat tarafdori bo‘lgan partiyalar yetakchi o‘rinlarni egalladi. Muxolifatdan esa faqat “Butun Qirg‘iziston” va “Makonim Qirg‘iziston” parlamentga kira oldi, ammo ular ozchilik edi.
Bir necha muxolif partiyalar saylov jarayonida ommaviy qonunbuzarliklar va soxtalashtirishlar bo‘lganini aytib, natijalarni tan olmadi. Bu norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi. Bishkek markazidagi miting tez orada kuch ishlatar tuzilmalar bilan to‘qnashuvlarga aylanib, oqibatda namoyishchilar Oq uyni egallab, talon-toroj qildi. Kuchli bosim ostida o‘sha paytdagi prezident Sooronbay Jeenbekov saylov natijalarini bekor qilishga majbur bo‘ldi. Keyinroq esa uning o‘zi ham iste’foga chiqdi. Undan so‘ng Sadir Japarov hokimiyatga keldi. Avval bosh vazir, keyin esa vaqtinchalik prezident bo‘ldi. 2021 yil yanvar oyida o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarida Sadir Japarov katta ustunlik bilan g‘alaba qozondi.
Live
Barchasi