Qirg‘izistonda parlament muddatidan oldin tarqatib yuborildi
Olam
−
25 Sentabr 4094 2 daqiqa
Bugun, 25 sentyabr kuni Qirg‘iziston parlamenti (Jogorku Kenesh) deputatlari muddatidan oldin o‘zini o‘zi tarqatish to‘g‘risidagi loyihani ko‘rib chiqib, uni qabul qildi. Bu haqda qonunchilik organi matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning sentyabr oyi boshida bir guruh deputatlar muddatidan oldin vakolatlarni topshirish tashabbusi bilan chiqqan. Ular o‘zini o‘zi tarqatish zaruratini siyosiy beqarorlikdan qochish istagi bilan izohlagan. Mualliflarning ta’kidlashicha, Konstitutsiyaga ko‘ra, parlament saylovlari 2026 yilning noyabr oyida, Prezident saylovlari esa 2027 yilning yanvarida o‘tkazilishi kerak. Ularning fikricha, bu qisqa muddat ortiqcha xarajatlarga sabab bo‘lishi va Markaziy saylov komissiyasi uchun qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Tashabbuskor guruh taklifini majlisda ishtirok etgan 89 deputatdan 84 nafari qo‘llab-quvvatlagan.
“Prezidentlik va parlament saylovlari kabi ikkita muhim siyosiy voqea orasidagi farq juda qisqa muddatni tashkil etadi. Shu bois siyosiy tizim va mamlakatdagi barqarorlikni mustahkamlash maqsadida tashabbuskor guruh parlamentga vakolatlarini ixtiyoriy ravishda topshirishni taklif qildi”, deydi tashabbus mualliflaridan biri, deputat Ulan Primov.
Amaldagi VII chaqiriq mamlakat parlamenti yangi saylov sanasi rasman e’lon qilinguniga qadar ishlashda davom etadi. Muddatidan oldin saylovlarni belgilash to‘g‘risidagi farmonni Qirg‘iziston Prezidenti imzolashi kerak. Saylovlar yangi tizim bo‘yicha o‘tkaziladi – 30 ta saylov okrugi tuzilishi va har biridan uch nafardan deputat (ikki erkak va bir ayol) saylanishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, Qirg‘izistonning bir palatali parlamenti 90 deputatdan iborat bo‘lib, ular aralash tizim asosida saylanadi. So‘nggi saylovlar 2021 yilning noyabrida bo‘lib o‘tgan. Konstitutsiya mamlakat qonunchilik organining deputatlar tashabbusi bilan muddatidan oldin tarqatib yuborilishiga yo‘l qo‘yadi, biroq hozirgacha bunday mexanizm ovoz berish yo‘li bilan qo‘llanmagan edi. Parlament deputatlarining muddatidan oldin saylovi tartibga ko‘ra 30 noyabr kuni o‘tkazilishi kerak.
Live
Barchasi