Rossiya qirg‘iz darsliklaridagi “mustamlaka” atamasidan voz kechishni talab qildi

Olam

image

Moskvada Qirg‘izistonning tarix darsliklari tanqid qilindi va respublika “mustamlaka” atamasidan voz kechishga chaqirildi. Chunki u Rossiyaning SSSRdagi roli atrofida “salbiy ma’no (konnotatsiya)” keltirib chiqarmoqda. Bu boradagi bahs Rossiya harbiy-tarixiy jamiyatida bo‘lib o‘tgan ekspert-konsultativ kengashi yig‘ilishida yuzaga kelgan. Bu haqda RBK xabar berdi.

Rossiya Fanlar akademiyasi (RFA) Sharqshunoslik instituti ilmiy xodimi Andrey Bikovning aytishicha, qirg‘iz maktablarining 8-, 9- va 11-sinf darsliklarida ko‘plab “faktologik xatolar” mavjud va “aslida bo‘lmagan narsalar ko‘p yozilgan”. Institut direktori Alikber Alikberov esa Rossiya hanuzgacha “xalqlar qamoqxonasi” sifatida talqin qilinayotganidan shikoyat qilgan.

Sovet davriga berilgan baholardagi farqlarga alohida e’tibor qaratilgan. Rossiya vakillari mamlakat ichki darsliklarida “SSSRning buyukligi aks etishini” qayd etgan bo‘lsa, qirg‘iz darsliklarida respublikaning Ittifoq tarkibida bo‘lgan davrida milliy manfaatlar kamsitilgani haqida so‘z borishini aytgan.

RFA a’zolarining eng katta noroziligiga Rossiyaga nisbatan “kolonializm” (mustamlakachilik) atamasining qo‘llanilishi sabab bo‘lgan. Bikov bunday tanlovni “shunchaki modaga berilish” deb atagan va unga boshqa muqobil so‘z topishni taklif qilgan. Uning fikricha, “kolonializm” so‘zi o‘rniga “administratsiya” (ma’muriyat) so‘zini ishlatish mumkin – shunda tarixiy voqealar “rangi va tusini darhol o‘zgartiradi” hamda salbiy bo‘yoq yo‘qoladi.

Bunga javoban Qirg‘iziston Milliy fanlar akademiyasi Tarix, arxeologiya va etnologiya instituti direktori Abilabek Asankanov Rossiya tomoni “o‘ta murakkab vazifa” qo‘yganini bildirgan. U kolonializm tushunchasi qaram xalqlarda to‘laqonli mustaqillik mavjud bo‘lmagan sharoitda ularning hududi, tabiiy boyliklari va mehnatidan foydalanishni anglatishini eslatib o‘tgan.

“Bu atamadan voz kechishga juda qiynalamiz”, deydi Asankanov.

Shuningdek, u fojiali voqealar atrofida siyosiy manfaatlar yo‘lida bahs yuritmaslikka (spekulyatsiya qilmaslikka) hamda ularni mafkuralashtirmaslikka chaqirgan.

Qayd etish joiz, Rossiya harbiy-tarixiy jamiyati raisi va Rossiya Prezidenti yordamchisi Vladimir Medinskiy ham avvalroq Rossiyani “ezuvchi imperiya” sifatida ko‘rsatuvchi talqinlarga qarshi chiqqan edi. U sobiq SSSR respublikalarini “soxta dushmanlar o‘ylab topishda” va tarixni qayta yozishda ayblagan.

“Biz u yerlarga ma’rifat, yangi texnologiyalar, yangi ijtimoiy munosabatlarni olib borgan va qullikni tugatgan bo‘lsak, bu qanday qilib sovet imperializmi bo‘lsin?” deya norozilik bildirgan edi Medinskiy.

Bu Rossiyaning qo‘shni davlatlardagi darsliklar mazmuniga ta’sir o‘tkazishga urinishi bilan bog‘liq birinchi holat emas. 2024 yilda xuddi shunday e’tirozlar Armanistonga nisbatan ham bildirilgan. Rossiya TIV Armaniston tarix darsligidagi 1826–1828 yillardagi Rus-Eron urushi haqidagi bobni tanqid qilgan, unda Turkmanchay tinchlik shartnomasi “anneksiya” (bosib olish) deb atalgan.

“Rossiya imperiyasi, keyinchalik SSSR va Rossiyaning hozirgi Armaniston davlati shakllanishidagi alohida rolini shubha ostiga qo‘yish – umume’tirof etilgan faktlarga qarshi chiqish demakdir”, deya ta’kidlagan o‘shanda Rossiya TIV va bunday darslikning maktablarga tarqatilishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgan.

Shuningdek, 2024 yilda RFA Ijtimoiy fanlar bo‘yicha ilmiy axborot instituti olimlari sobiq SSSR tarkibiga kirgan davlatlarning tarix darsliklarida Rossiya asosan mustamlakachi davlat va qo‘shib olingan hududlardagi xalqlarni ezgan tajovuzkor sifatida tasvirlanganini “aniqlagan”. Bunday baholar, jumladan, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon darsliklarida ham topilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Qirg'iziston tarix darsliklari mustamlaka

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing