1 oktyabrdan pensiyalar oshiriladi. Qirg‘izistonda!
Olam
−
16:58 3151 1 daqiqa
Qirg‘izistonda 2026 yil 1 oktyabrdan pensiyalarni indeksatsiya (oshirish) qilish uchun Pensiya jamg‘armasi mablag‘laridan 4,4 milliard som ajratiladi. Bu haqda mamlakat Prezidenti administratsiyasi xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, pensiyalarning sug‘urta qismini 1,2 koeffitsiyent bilan, ya’ni 20 foizga oshirish rejalashtirilgan. Qo‘shimcha to‘lov miqdori kamida 1 ming somni, ko‘pi bilan esa 10 ming somni tashkil etadi.
Dastlab indeksatsiya koeffitsiyenti 1,13 etib belgilangan. Bu ko‘rsatkich 2025 yilda o‘rtacha ish haqi va iste’mol narxlari o‘sishi asosida hisoblangan. Biroq Ijtimoiy jamg‘arma byudjetining imkoniyatlarini hisobga olgan holda koeffitsiyentni 1,2 gacha oshirishga qaror qilingan.
Indeksatsiyadan keyin Qirg‘izistonda o‘rtacha pensiya miqdori 12 ming 898 somga yetadi. Pensionerlar o‘rtacha hisobda hozirgi to‘loviga qo‘shimcha 1 ming 753 som oladi, bu amaldagi pensiya miqdoriga nisbatan qariyb 16 foizlik o‘sishni anglatadi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 2026 yil 1 oktyabrga kelib Qirg‘izistonda pensionerlar soni 832,4 ming nafarni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Oliy Majlis Senatining 18-yalpi majlisida 30 yildan ortiq xizmat qilgan harbiy xizmatchilarning pensiyasini hisoblashning eng yuqori miqdorini 75 foizdan 100 foizga oshirishni nazarda tutuvchi “Harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) va ular oila a’zolarining davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonun ma’qullangandi.
Live
Barchasi