Rossiyada harbiylar qabrini suratga olganlar davlatga xiyonatda ayblanmoqda
Olam
−
11 avgust 2025 2 daqiqa
Rossiyada Ukrainadagi urushda halok bo‘lgan harbiylarning qabrlarini suratga olgan ayrim shaxslarga nisbatan davlatga xiyonat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilmoqda. Ayrim holatlarda qabristonda suratga olganlar qo‘lga olingan. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bunday jinoyat ishlari kamida Yaroslavl va Tomsk viloyatlarida ochilgan. Sverdlovsk viloyatida esa qabristonlarda nazorat kuchaytirilgan. Xususan, Yaroslavl viloyati sudiga 48 yoshli erkakka nisbatan qo‘zg‘atilgan ish kelib tushgan. U 2024 yil oktyabridan boshlab Rossiya harbiylarining qabrlarini yashirincha suratga va videoga olib, ularni Ukraina maxsus xizmatlari vakillariga yuborgan.
Tomsk viloyatida ham iyun oyi oxirida bir necha kishi davlatga xiyonatda gumonlanib qo‘lga olingan. FXX ular Ukraina maxsus xizmatlari topshirig‘i asosida Rossiya harbiylari, jumladan, halok bo‘lganlar haqida ma’lumot to‘plaganini bildirgan.
Ayni vaqtda “Mediazona” nashri o‘z nomi bilan odamlarga harbiylar qabrlarini suratga olish uchun pul taklif qilingani haqida ogohlantirgan. Nashr bunday takliflarga aloqasi yo‘qligini bildirib, odamlarni qabrlarni suratga olmaslikka chaqirgan.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, bunday sxemalar ortida Ukraina maxsus xizmatlari emas, balki Rossiya maxsus xizmatlari yoki firibgarlar ham turgan bo‘lishi mumkin.
Hisob-kitoblariga ko‘ra, iyul oyi oxiriga kelib Ukrainada halok bo‘lgan va shaxsi aniqlangan rossiyalik harbiylar soni 236 ming 66 nafardan oshgan. Bu raqamga faqat nomi va o‘limi ochiq manbalar orqali tasdiqlangan harbiylar kiritilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya armiyasi Ukrainadagi butun urush davomida faqat halok bo‘lganlarni hisoblaganda qariyb 500 ming kishini yo‘qotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
BarchasiBloger Aziz Hakimov 4 yilga qamaldi
11 avgust
Putin hech narsadan qo‘rqmasligini aytdi
11 avgust