Qadoqlarga yodlangan osh tuzi deb, aslida yodlanmagan texnik tuz solinmoqda – Tanzila Norboyeva (video)

Jamiyat

image

Qadoqlarda yodlangan osh tuzi sifatida sotilayotgan ba’zi mahsulotlarning aslida yodlanmagan texnik tuz bo‘lgan holatlar bor. Bu haqda bugun, 23 yanvar kuni Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisida Senat Raisi Tanzila Norboyeva ma’lum qildi.

“E’tibor qiling, o‘tgan yilning to‘qqiz oyi natijasiga ko‘ra, birgina osh tuzi bo‘yicha o‘tkazilgan 263 ta namunadan 65 tasi, ya’ni chorak qismida, savdo va umumiy ovqatlanish joylari hamda maktab va bog‘chalardan olingan namunalarning o‘rta hisobda har uchtadan bittasi yod miqdori belgilangan talabiga javob bermasligi aniqlangan. Qadoqlarda yodlangan osh tuzi deb, yodlanmagan texnik tuz solinayotgan holatlari ham bor. Qo‘mitalarimiz mazkur dolzarb masalaga e’tibor qaratganlari va mutasaddi tuzilmalarga zarur vazifa va ko‘rsatmalar berganliklari, albatta, yaxshi”, deydi Norboyeva.

Uning aytishicha, yod tanqisligi ko‘plab mamlakatlarda bo‘lgani kabi O‘zbekiston uchun ham o‘ta dolzarb hisoblanadi. Tabiiy-iqlim sharoiti mazkur masalaga tizimli yondashib, muntazam chora-tadbirlar ko‘rib borishni taqozo etadi. Biroq, tahlillar ushbu yo‘nalishda e’tiborni kuchaytirish zarur bo‘lgan jihatlar borligini ko‘rsatmoqda. 

Yalpi majlisda “Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. Mazkur Qonunning maqsadi oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.  Qonun normalari aholining oziqlik qimmatiga ega bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari bilan xavfsiz ovqatlanishini ta’minlashga, samarali bozor mexanizmlarini shakllantirish hamda oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqarishga nisbatan tatbiq etiladi.

Qonunda oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilangan. Xususan, oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilishning minimal normalariga muvofiq oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining aylanma zaxirasini shakllantirish hamda aholini ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan yetarli miqdorda va uzluksiz ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirish shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, davlat oziq-ovqat mahsulotlarining qonunchilik hujjatlarida belgilangan sanitariya, veterinariya, veterinariya-sanitariya, fitosanitariya qoidalari va normalariga muvofiq ishlab chiqarilishini rag‘batlantiradi. Tashqi iqtisodiy faoliyatni faollashtirish, shuningdek ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining eksporti va importi o‘rtasidagi maqbul muvozanatni saqlash ham oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat siyosatining yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida vakolatli davlat organi sifatida belgilanmoqda. Unga respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish, oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqarish bilan bog‘liq faoliyatni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar tayyorlash, oziq-ovqat xavfsizligiga salbiy ta’sir etuvchi omillarni o‘rganish asosida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish va rivojlantirishga doir qisqa, o‘rta hamda uzoq muddatli strategiyalarni ishlab chiqish kabi bir qator vakolatlar berilmoqda.

Shuningdek, qonunda oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha davlat tomonidan qanday choralar ko‘rilishi, oziq-ovqat balansini shakllantirish, iste’molchilarning va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi huquq va majburiyatlari belgilab qo‘yilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Tanzila Norboeva Senat tuz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing