Tanzila Norboyeva Turkiyaga bordi
Jamiyat
−
24 aprel
5273Bugun, 24 aprel kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva Turkiya poytaxti Anqaraga bordi. U tashrif doirasida Turkiya Buyuk Millat Majlisi raisi Numan Kurtulmush bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Oliy Majlis Senati matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, suhbat chog‘ida ikki davlat rahbarlarining mustahkam siyosiy irodasi va do‘stona munosabatlari tufayli O‘zbekiston-Turkiya aloqalari har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani ta’kidlangan. Parlamentlar davlatlararo hamkorlikni chuqurlashtirishda tobora faol ishtirok etayotgani qayd etilgan. Oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan parlament nazorati muhimligi, shuningdek, tegishli qo‘mitalar va do‘stlik guruhlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligiga e’tibor qaratilgan.
“Madaniy-gumanitar aloqalar, ayniqsa, ta’lim va turizm sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, yoshlar va hududlararo tajriba almashish muhimligi ta’kidlandi. Turkiy tilli mamlakatlar parlamentlari va Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi aloqalarni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, uchrashuv yakunida parlamentlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisi bilan Turkiya Buyuk Millat Majlisi o‘rtasida hamkorlik bayonnomasi imzolangan.
“Ushbu hujjat O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari o‘zaro tajriba almashishi, qonunchilik jarayonida yaqindan hamkorlik qilishi nazarda tutilgan bo‘lib, shu tariqa umumiy manfaatlarga xizmat qiluvchi sohalarda – siyosat, iqtisodiyot, madaniyat, ta’lim, yoshlar va sport yo‘nalishlarida yanada faol va tizimli hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Bu nafaqat ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, balki butun mintaqada barqarorlik va taraqqiyotga xizmat qiluvchi muhim diplomatik qadamdir”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, shu kunning o‘zida delegatsiya a’zolari O‘zbekiston tarixi, madaniyati va zamonaviy taraqqiyotiga bag‘ishlangan kitoblar va nashrlar taqdim etilgan parlament kutubxonasi faoliyati bilan ham tanishgan. Tanzila Norboyeva Turkiya Buyuk Millat Majlisi Faxriy mehmonlar kitobida yozuv qoldirib, ikki tomonlama parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash muhimligini ta’kidlagan.
Tanzila Narboyeva Turkiya Respublikasining birinchi Prezidenti Mustafo Kamol Otaturk hoki qo‘yilgan Anitkabir yodgorlik majmuasiga ham borgan. U Mustafo Kamol Otaturk qabriga gul qo‘yib, uning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirdi hamda Faxriy mehmonlar kitobida yozuv qoldirdi.
LiveBarchasi