Qodirov “lo‘lichilik” deganidan haqorat qidirayotganlarni nosog‘lomga chiqardi

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, joriy yilning 21 iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputat, "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov quyi palata majlisida boshqa bir xalq vakili Rasul Kusherboyev bilan tortishib, uni "lo‘lilik" qilmaslikka chaqirgandi. Bu holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Muhokamalar davom etayotgan bir vaqtda Alisher Qodirov o‘zining "lo‘lilik" deganini haqoratdek ko‘rsatishga urinishayotganini aytib, izoh berdi.

“O‘zbekiston xalq yozuvchisi, O‘zbekiston qahramoni Said Ahmad “Cho‘l shamollari” asarida “Komil lo‘lilik qilib birovga gap bermay bidirlar, Qo‘ziboy esa to‘ng‘illar edi”, deganda, yoki Hamidaxon Ziyoxonova “Birinchi maktub” hikoyasida “Arzanda qiz maktabda ham lo‘liligi, urushqoq va beboshligi bilan nom chiqardi” degan jumlalarni ishlatganda lo‘li vatandoshlarimizni haqorat qilganmidi? Lo‘lilar bu asarlarni o‘qib, o‘zlarini kamsitilgandek his qilganlariga jiddiy shubham bor”, deydi Qodirov.

Qodirovga ko‘ra, har bir millatni o‘ziga xos sifatlari bo‘ladi. O‘zbeklarni “o‘zbekchilik” degan so‘z bilan xos sifatlarini aytish haqorat bo‘lmaganidek, lo‘lilarni ham ularga xos bo‘lgan xususiyatlarining nomi “lo‘lichilik”dir.

“Qachondan boshlab milliy xususiyatlar haqorat bo‘lib qoldi? Bu so‘zdan millatchilik yoki milliy kamsitishni izlash uchun juda qattiq g‘azabda yoki sog‘lom aqldan ayrilgan bo‘lish kerak.

Menimcha, bir so‘zdan haqorat yasamoqchi bo‘layotganlarni lo‘lilarning sha’ni emas, Jinoyat protsessual kodeksida o‘tmay qolgan “elektron dalillar” tuynugi yo‘liga qo‘yilgan to‘siq ko‘proq tashvishga solmoqda.

Men uchun inson Allohning yaratgan bandasi, oliy mavjudotdir, o‘zbekmi, rusmi, qozoqmi yoki lo‘li, farqi yo‘q. Insonni millatiga qarab emas, tarbiyasiga qarab munosabatda bo‘laman. E’tiqodimiz hatto hayvonlarga hurmat ko‘rsatishni talab qiladi.

Lekin, insonlarning ichida ham ayrimlar bor do‘st bo‘lging keladi, gaplashib to‘ymaysan, ayrimlarni do‘st deb o‘ylaysan-u, yaqinroq bilib, vijdonsizligidan qaytib yuziga qaraging kelmaydi...”, deydi deputat Alisher Qodirov.

Eslatib o‘tamiz, deputatlar bahsi fuqarolarning elektron qurilmalaridagi shaxsiy ma’lumotlarini olishga imkon beruvchi qonun loyihasi sabab yuz bergan. Munozara davomida Qodiirov Kusherboyevga qarata shunday degan:

“Lo‘lichilik qilmang, sahnaga chiqib olib. Siz savolga javob berish uchun chiqqansiz men bilan “politika” qilishga emas. Texnikmisiz, IT’ni tushunasizmi? Elektron ma’lumot nimaligini tushunasizmi? Hech nimani tushunmaysiz. Bitta savolga ham javob berolmayapsiz”.


Maqola muallifi

Teglar

Rasul Kusherboev Alisher Qodirov

Baholaganlar

314

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing