Jah Khalib'ning konsertiga soxta chipta sotilgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
3-sahifa
−
27 noyabr 2023
5885Toshkentda Jah Khalib’ning konsert dasturiga kirish uchun fuqarolarga soxta bilet sotilgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi ochilgan.
Qo‘shimcha qilinishicha, hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 25 noyabr kuni Toshkent shahridagi “Humo arena”da chet ellik xonanda Jah Khalib’ning konsert dasturi oldidan katta tartibsizlik yuzaga keldi. Keyinroq ba’zi odamlar chiptasi bo‘lsa ham konsertga kira olmagani, ko‘pchilikning onlayn xarid qilgan chiptasi soxta bo‘lib chiqqani aytildi.
Shundan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlarda ushbu tartibsizliklar fonida bir nechta fuqarolar jarohat olgani va vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Biroq Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qilishicha, o‘tkazilgan tekshiruv jarayonida ushbu holatda birorta fuqaro jarohat olgani va vafot etgani haqida xabar kelib tushmagan.