Ijtimoiy himoya agentligiga yangi vakolat berildi
Jamiyat
−
19 Oktabr
6565Ijtimoiy himoya milliy agentligining zimmasiga dafn etish uchun nafaqani berish vazifasi yuklatildi, uning xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlari belgilandi. Bu haqda kecha, 18 oktyabr kuni Prezident tomonidan imzolangan ayrim qonun hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi to‘g‘risidagi 977-sonli qonunda keltirildi.
Bundan tashqari, o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan 80 yoshga to‘lgan keksalarga qarab turilgan vaqt ish stajiga qo‘shib hisoblanishi uchun davolash muassasasining xulosasi talab etilmasligi, shuningdek, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalarga, yolg‘iz yashovchi keksalarga va nogironligi bo‘lgan shaxslarga shahar yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanish huquqi berilishi nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, umrbod ta’minlash sharti bilan uyni (kvartirani) boshqa shaxsga berishga doir bitimlar va umrbod renta shartnomasi to‘g‘risidagi, shuningdek, vasiylikdagi shaxsning mol-mulkini taqsimlashga doir bitimlar hamda uning taqdirini hal qilishga qaratilgan boshqa bitimlar haqidagi ma’lumotlar "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazlariga taqdim etilishi belgilanmoqda.
Qonunga ko‘ra, “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar, yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar yo‘qolgan yoxud yaroqsiz holga kelgan ID-kartasini yoki biometrik pasportini almashtirishda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Shuningdek, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi shaxslarni vaqtincha ro‘yxatga olishda ham davlat boji undirilmaydi.
Bundan tashqari, yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar davlat tomonidan ikkilamchi bozordan olingan uy-joyni ularning nomiga rasmiylashtirish uchun notarial harakatlarni amalga oshirishda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinishi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalarga, yolg‘iz yashovchi keksalarga va nogironligi bo‘lgan shaxslarga homiylik qilish uchun yo‘naltirilgan mablag‘lar soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanadigan xarajatlar jumlasiga kiritilishi nazarda tutilmoqda.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarning reyestri yuritilishi xabar qilingandi. Tazyiqdan jabrlangan shaxslarga ruhiy inqiroz holatida birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida, shoshilinch qabul bo‘limlarida tunu kun ishlaydigan birlamchi ko‘mak xonalari tashkil etiladi.