Endi qamoqdan ozod etilganlarga 2,25 mln so‘m pul to‘lanadi
Jamiyat
−
13 fevral
4216O‘zbekistonda joriy yil 1 maydan boshlab qamoqdan ozod etilgan shaxslarga 2,25 mln so‘m miqdoridagi bir martalik nafaqa puli beriladi. Bu haqda joriy yil 30 yanvar kuni qabul qilingan “Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini moliyalashtirish tartib-taomillarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident farmonida so‘z boradi.
Farmonga ko‘ra, joriy yil 1 apreldan “Yoshlar daftari” jamg‘armalari orqali, 2025 yil 1 sentyabrdan esa “Ayollar daftari” jamg‘armalari orqali to‘lanadigan bir martalik moddiy yordamlar o‘rniga kam ta’minlangan oilalar uchun nazarda tutilgan nafaqalar to‘lanadi.
2025 yil 1 maydan “Ijtimoiy daftarlar” jamg‘armalari hisobidan davolash va jarrohlik amaliyotini o‘tkazish xarajatlari Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi orqali moliyalashtiriladi.
2025 yil 1 apreldan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida muhtoj oilalarga bir marta beriladigan moddiy yordam o‘rniga ushbu hududlarda yashovchi Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga uy-joyida artezian quduq qazish, suv nasoslarini o‘rnatish hamda ichimlik suv filtrlarini xarid qilish xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratish tartibi joriy etiladi. Bunda subsidiya xarajatlarning 90 foizi, biroq BHMning 30 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda ajratiladi.
2025 yil 1 maydan ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslarga BHMning 6 baravari miqdoridagi bir martalik nafaqa puli “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari orqali to‘lanadi.
Tuman (shahar) hokimliklari huzurida “Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlik” jamg‘armalari tashkil etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Milliy tiklanish partiyasi bitta kitob o‘qigan mahkumning jazo muddati 3 kunga qisqarishini nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqqan edi. Ushbu tashabbus orqali mahkumlarning bilim va madaniyatini oshirish, ularning ijtimoiy adaptatsiyasini yaxshilash va jazo muddatini o‘tkazish jarayonida ruhiy va axloqiy rivojlanishga ko‘maklashish ko‘zda tutilgan. Qonun loyihasiga ko‘ra, tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha 1 ta kitob o‘qigan va belgilangan imtihonni topshirgan mahkumning jazo muddati 3 kunga qisqartiriladi.