Italiyalik sportchi bir oylik komadan keyin vafot etdi
Sport
−
25 Oktabr 2025 1627 2 daqiqa
Italiyalik velosipedchi Kevin Bonaldo 25 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Sportchi “Kichik San-Remo” (Piccola Sanremo) deb nomlanuvchi poyga vaqtida yurak xurujiga uchrab, bir oy davomidagi komadan so‘ng vafot etdi. Bu haqda “Domestique” nashri xabar berdi.
Kecha, 24 oktyabr kuni “Sc Padovani Polo Cherry Bank” jamoasi Bonaldoning vafot etganini tasdiqladi.
“Hayot va o‘lim o‘rtasidagi bir oylik kurashdan so‘ng Kevin Bonaldo vafot etdi. Klubimiz Kevinning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi”, deyiladi klub rasmiy bayonotida.
Fojia joriy yilning 21 sentyabr kuni “Kichik San-Remo” poygasi chog‘ida yuz bergan. Bonaldo musobaqa paytida yurak xurujiga uchragach, unga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatilgan va Vichensadagi San-Bortolo shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan edi.
So‘nggi haftalarda sportchining ahvoli biroz yaxshilangani aytilgan bo‘lsa-da, so‘nggi kunlarda holati birdan og‘irlashish oqibatida sportchi vafot etgan.
“Bu mavsumda biz Kevinni har bir poygaga o‘zimiz bilan olib bordik. 21 sentyabrda boshlangan musobaqa afsuski, fojiali xabar bilan yakunlandi. Biz uning oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildiramiz”, deydi jamoa prezidenti Galdino Peruzzo.
Ma’lumot uchun, Bonaldo so‘nggi besh yil ichida Italiya velosportida hurmatga sazovor sportchiga aylandi. U asosan milliy musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, barqaror natijalar qayd etgan. Joriy mavsumda 25 yoshli sportchi o‘zining poyga dasturini kengaytirib, so‘nggi UCI 2.2 toifasidagi poygalarda ilk o‘ntalikdan joy olgan edi.