Italiyada rossiyalik milliarderning yaxtasi hibsga olindi
Olam
−
12 mart 2022
7307Italiya Moliya gvardiyasi sanksiyalar ostida qolgan rossiyalik milliarder Andrey Melnichenkoga tegishli yaxtani hibsga oldi. Bu haqda Italiya huquq-tartibot idorasidagi manbalarga tayanib xabar berilgan.
Ta’kidlanishicha, “A” sinfidagi yaxta 530 million yevroga baholangan. Fransuz sanoat dizayneri Filipp Stark tomonidan ishlab chiqilgan ushbu yaxta dunyodagi eng katta motoseyler (motor va yelkanli kema) ekani aytiladi.
Xabar qilinishicha, bu kema Triyest portidagi turargohda bo‘lgan. Bloomberg Billionaires Index (BBI) ma’lumotlariga ko‘ra, Melnichenko rossiyalik milliarderlar ro‘yxatida oltinchi o‘rinda turadi. Uning boyligi 19,5 milliard dollar.
Bundan avval, Italiya huquq-tartibot idoralari Aleksey Mordashov va Gennadiy Timchenkoning yaxtalarini musodara qilgani haqida xabar bergan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Mordashovga tegishli “Lady M” yaxtasi Imperiya portida, Timchenkoga tegishli “Lena” yaxtasi esa San-Remoda qo‘lga olingan. Ikkala tadbirkor ham Rossiyaning Ukrainaga hujumi munosabati bilan qabul qilingan Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.
Bungacha Germaniya rasmiylari Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida qolgan rossiyalik milliarder Alisher Usmonovdan 156 metrlik yaxtani musodara qilgani haqida aytilgandi. Ammo ma’lumot keyinroq inkor etildi.