Istanbulda Rossiya va AQSH vakillari uchrashadi

Olam

image

Ertaga, 27 fevral kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Rossiya va AQSH vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Tomonlar ikki davlat elchixonalarining faoliyatini muhokama qiladi. Bu haqda Qatar poytaxti Doxada rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ma’lum qildi.

Bildirilishicha, uchrashuvning asosiy mavzusi – Rossiya va AQSH diplomatik vakolatxonalarining ishiga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni bartaraf etish.

“Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, biz jarayonning qanchalik tez va samarali davom etishi mumkinligini tushunamiz”, deydi Lavrov.

Shuningdek, u Ukraina bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan savollarga javob berar ekan, to‘qnashuv chizig‘ida harbiy harakatlarni to‘xtatish rejalashtirilmaganini, chunki Rossiyada xalq irodasiga asoslangan Konstitutsiya borligi aytgan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirining fikricha, Yevropa Ukrainadagi mojaroni hal qilishga qaratilgan jarayonni izdan chiqarishga urinmoqda. Bundan tashqari, Lavrov Rossiya Evropa tinchlikparvar kuchlarini mojaro zonasiga joylashtirish variantlarini ko‘rib chiqmayotganini ta’kidlagan.

“Moskva bilan hech kim bunday masalani muhokama qilgani yo‘q. Makron Vashingtonda shoshilinch sulh zarurligi, tinchlikparvar kuchlarni kiritish va keyin hududlar, aholi taqdiri va nizolarni hal qilish tamoyillari haqida muzokaralar olib borish kerakligi haqida gapirdi. Bularning barchasi yolg‘on. Kelishuvga borib, Ukrainani yana qurollantirish uchun vaqt yutish – yagona maqsad bo‘lsa, bunga rozi bo‘lish mumkin emas”, dedi Lavrov.

Shuningdek, Lavrov Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini qayta ishga tushirish borasida hozircha hech qanday muzokaralar bo‘lmaganini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Ar-Riyodda o‘tkazilgan muzokaralar chog‘ida mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni tiklash uchun birinchi qadam tashlanganini aytgan edi. Shu bilan birga, u Rossiya-Amerika munosabatlari qayta jonlantirish, keyin esa tiklash kerakligini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Istanbul Rossiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing