Rossiya AQSH bilan munosabatlarda ilk qadamni tashladi – Peskov

Olam

image

Ar-Riyodda o‘tkazilgan muzokaralar chog‘ida mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni tiklash uchun birinchi qadam tashlandi. Bu haqda Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda ma’lum qildi.

Prezident vakilining so‘zlariga ko‘ra, xulosa chiqarishga hali erta, ammo kayfiyat ishchan davom etmoqda.

“O‘tgan muzokaralar Rossiya-Ukraina mojarosini hal qilish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi”, degan Peskov.

U, shuningdek, Rossiya-AQSH o‘rtasidagi munosabatlar ushbu uchrashuvdan so‘ng ancha yaxshilanganini ma’lum qilgan.

“Foydali tinchlik shartnomasi uchun shart-sharoit yaratish yo‘lida juda muhim qadam qo‘yildi. Har ikki tomonda zarur siyosiy iroda namoyon bo‘ldi – bu holatda men Rossiya va AQSHni nazarda tutyapman”, degan matbuot kotibi.

Shu bilan birga, u Rossiya-Amerika munosabatlari qayta jonlantirish, keyin esa tiklash kerakligini ta’kidlagan.

“Bu juda uzoq, tabiiyki, hammasini bir kunda yoki bir haftada tuzatishning iloji yo‘q. Shunday qilib, uzoq yo‘l bor”, degan Kreml vakili.

Peskov uchrashuvdagi eng muhim nuqta – Putin va Tramp o‘rtasidagi uchrashuv haqida ham ma’lumot bergan.

“Prezidentlar Donald Tramp va Vladimir Putinning uchrashuvi Tashqi ishlar vazirligidan tayyorgarlikni talab qiladi. Ularning uchrashuvi fevral oyining oxirigacha bo‘lmasligi mumkin”, degan u.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 18 fevral kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan Amerika va Rossiya delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralar doirasida AQSH Davlat kotibi Marko Rubio va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov uchrashgandi. Uchrashuv AQSH Prezidenti Donald Trampning Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan joriy yilning 12 fevral kuni bo‘lgan muloqotning davomi sifatida tashkil etilgan. Davlat kotibi Rubio bilan birga Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Mayk Uolts va Tramp tomonidan ikki tomonlama munosabatlarni qayta tiklash uchun tanlangan maxsus elchi Stiv Uitkoff ham ishtirok etgan. Lavrovga esa Rossiya Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov hamrohlik qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Dmitriy Peskov Ar-Riyod Rossiya-Amerika

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing