Isroilda Arrow havo mudofaa tizimi uchun raketalar zaxirasi tugayapti – WSJ 

Olam

image

Isroilda Arrow havo mudofaa tizimi uchun to‘suvchi raketalar zaxirasi tugayapti. Bu haqda bugun, 18 iyun kuni AQSH rasmiy manbalariga tayangan holda “The Wall Street Journal” gazetasi xabar berdi

AQSH hukumati bu kamomad xavfi haqida bir necha oy avvaldan bilib, Isroildagi mudofaani kuchaytirishga kirishgan: qo‘shimcha havo, quruqlik va dengiz kuchlari yuborilgan.  Shuningdek, yanada ko‘proq havo mudofaa tizimlari Yaqin Sharqqa jo‘natilgan.

“The Washington Post” gazetasining ma’lum qilishicha, Isroil armiyasidagi hozirgi mudofaa imkoniyatlari hafta oxirigacha saqlanishi mumkin, undan keyin raketalarni to‘xtatish imkoniyatlari keskin kamayadi.

AQSH va Isroil razvedkasiga yaqin manbaning aytishicha, armiya qaysi raketani to‘sish kerakligi bo‘yicha tanlov qilishga majbur bo‘ladi. Barchasini birdek ushlab qolishning imkoni yo‘q.

Isroil tomoni katta miqdorda Eron raketa hujumlarini qaytargan. Ammo so‘nggi kunlarda Eron hujumlari intensivligi kamaygan. Tehronda qancha raketa qolgani noma’lum.

CSIS (Vashingtondagi Strategik va Xalqaro tadqiqotlar markazi) mutaxassisi Tom Karakoga ko‘ra, yaqin kunlarda AQSHning o‘zida ham havo mudofaa tizimi uchun o‘q-dorilar tugashi mumkin.

“Isroil va uning ittifoqchilari bu holatga juda shoshilinch yondashib, kerakli barcha choralarni ko‘rishlari kerak. Biz befarq tomoshabin bo‘lib tura olmaymiz”, deya ta’kidladi u.

Ma’lumot uchun, Arrow 3 – uzoq va o‘rta masofali raketa hujumlarini to‘xtatish uchun mo‘ljallangan (masalan, Erondan uchirilgan raketalar). Iron Dome (Temir gumbaz) esa qisqa masofali raketalarga qarshi kurashadi (ayniqsa, G‘azodan otilgan raketalarga qarshi).

Eslatib o‘tamiz, 13 iyunga o‘tar kechasi Isroil Eron yadro dasturiga qarshi harbiy operatsiya boshladi. Oradan bir kun o‘tmasdan Eron javob hujumini amalga oshirdi. Keyingi kunlarda Isroil va Eron yana zarbalar berishdi. Ikkala tomon ham ushbu hujumlar oqibatida qurbonlar va jabrlanganlar haqida ma’lum qildi va bir qator nishonlarga zarba berganini tan oldi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Isroil Temir gumbaz Havo mudofaa tizimi Arrow 3

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing