Isroil va “Hizbulloh” o‘t ochishni to‘xtatishga kelishdi – Tramp

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroil va “Hizbulloh” o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozib qoldirdi.

Trampning bildirishicha, u Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan samarali telefon muloqoti o‘tkazgan. Suhbat natijasida Bayrutga qo‘shin kiritish rejasi bekor qilingan, yo‘lga chiqqan harbiy bo‘linmalar esa ortga qaytarilgan.

AQSH Prezidenti, shuningdek, vositachilar orqali “Hizbulloh” vakillari bilan ham muloqot qilganini aytib, tomonlar o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ta’kidlagan. Unga ko‘ra, Isroil “Hizbulloh” pozitsiyalariga zarba bermaydi, harakat esa Isroil hududini nishonga olmaydi.

Avvalroq Eronning “Tasnim” agentligi Tehron Isroilning Livandagi harakatlariga norozilik sifatida AQSH bilan muzokaralarni vaqtincha to‘xtatganini xabar qilgan edi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, Eron Livandagi vaziyatni tinchlik shartlarining muhim qismi deb hisoblamoqda va Isroil qo‘shinlarining Livan hududidan olib chiqilishini talab qilmoqda. Tehron o‘z pozitsiyasi inobatga olinmaguncha muzokaralarni qayta tiklamasligini bildirgan.

Bundan tashqari, Eron va unga yaqin kuchlar Hurmuz bo‘g‘ozini bloklash hamda boshqa frontlarda bosimni kuchaytirishga tayyor ekanini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan telefon orqali muloqot chog‘ida uni keskin tanqid qilib, “aqldan ozgan” deb atagani haqida xabar berilgan edi. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Tramp suhbat davomida Netanyahuga nisbatan qo‘pol iboralar ishlatgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Hizbulloh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing