Isroil terrorchilik bilan shug‘ullanmoqda – Erdo‘g‘an
Olam
−
21 Sentabr
2991Isroil terrorchi tashkilot sifatida harakat qilyapti va uning nishoni nafaqat G‘azo sektori, balki butun mintaqadir. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an BMT Bosh Assambleyasida ishtirok etadigan AQSHga uchishdan oldin jurnalistlar bilan suhbatda so‘z ochdi.
"Men birinchi kundanoq Isroilning nishoni faqat G‘azo sektori emasligini aytdim. Livanga oxirgi hujumlar Isroil rahbariyati urushni butun mintaqaga yoyishni rejalashtirayotganidan xavotirimizni oqladi. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va uning to‘dasi o‘zlarining radikal sionistik mafkurasini amalga oshirish uchun har xil provokatsiyalarni amalga oshirmoqda. Mintaqaning yanada katta falokatga tortilishining oldini olish uchun Isroilga nisbatan bosimni yanada kuchaytirish kerak", deydi Erdo‘g‘an.
U birinchi kuni BMT Bosh Assambleyasida nutq so‘zlashini va ishtirokchilarga “G‘azo sektoridagi genotsid va Isroilning agressiv siyosatiga qarshi chora ko‘rish zarurligini” eslatishini aytdi.
"Yana bir bor, afsuski, Isroil davlat sifatida emas, terror tashkiloti sifatida hujumlar uyushtirayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Bu davlat terrorizmidir. Livandagi oxirgi raqamli hujumlar va aloqa vositalari portlashlari buning yaqqol dalilidir. Bu hujum bilan Isroil tinch aholiga qayg‘urmasligini va har qanday yo‘l bilan jirkanch maqsadlariga erishishga harakat qilishini yaqqol namoyish etdi", deydi Erdo‘g‘an.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi doirasidagi uchrashuvlar dasturiga kelsak, Turkiya Prezidenti hozirda AQSH Prezidenti Jo Bayden bilan uchrashuv bo‘lib o‘tishi aniq emasligi, biroq ular birgalikda qatnashadigan Bosh Assambleya doirasidagi tadbirlar ham borligini aytdi.
Ma’lumot uchun, 17 sentyabr kuni Livanning turli hududlarida “Hizbulloh” a’zolarining peyjerlari portlagan edi. Hodisa oqibatida 2,8 mingga yaqin odam jarohat olgan, 12 kishi halok bo‘lgan, ular orasida 10 yoshli qiz ham bor. Livan xavfsizlik xizmatidagi yuqori martabali manba va boshqa suhbatdoshiga tayanib, “Reuters” Isroilning “Mossad” razvedka xizmati peyjer portlashlaridan bir necha oy oldin Livandagi “Hizbulloh” harakati tomonidan buyurtma qilingan Tayvanning Gold Apollo kompaniyasining 5000 peyjeriga oz miqdorda portlovchi moddalar o‘rnatganini xabar berdi. Gold Apollo kompaniyasi esa “Hizbulloh” tomonidan buyurtma qilingan peyjerlarni ishlab chiqarishga aloqasi yo‘qligini aytdi. Unga ko‘ra, Budapeshtda ro‘yxatdan o‘tgan BAC Consulting KFT kompaniyasi bilan shartnoma tuzilgan bo‘lib, BAC Tayvan brendidan foydalanishi mumkin, lekin mahsulotni mustaqil ravishda ishlab chiqaradi. AQSH Mudofaa vazirligi ham Livanda “Hizbulloh” a’zolari tomonidan foydalaniladigan peyjerlarning ommaviy portlashiga aloqadorligini rad etdi.
18 sentyabr kuni esa Livan sharqidagi Bekaa hududida aloqa vositalari ommaviy tarzda portlab ketdi. Hodisa oqibatida 3 kishi halok bo‘lgan.
“Hizbulloh” Bosh kotibi Hasan Nasrulloh kecha, 19 sentyabr kuni Isroilning so‘nggi hujumlari Livandagi qarshilik tarixiga jiddiy zarba bo‘lganini aytdi va Isroilning ushbu hujumlariga javob choralari haqida gapirar ekan, sodir bo‘lgan voqealarga javob adolatli qasos bo‘lishiga, uning vaqtini, joyini va tabiatini “Hizbulloh” belgilashiga va’da berdi.
19-20 sentyabr kunlari Isroil aviatsiyasi Livandagi “Hizbulloh” pozitsiyalariga bir qator havo hujumlarini amalga oshirgandi.