Isroil tarixidagi eng yirik norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi (fotogalereya)
Olam
−
12 mart 2023
24354Kecha, 11 mart kuni Isroil bo‘ylab mamlakat Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu hukumati siyosatiga va uning taklif etayotgan sud islohotiga qarshi ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “The Times of Israel” nashri xabar berdi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, muxolifat kayfiyati kuchli bo‘lgan Tel-Avivdagi eng yirik mitingda 240 mingga yaqin odam qatnashgan. Isroilning yuzlab shaharlarida, jumladan, Quddusdagi Prezident qarorgohi oldida 20 ming kishilik miting bo‘lib o‘tgan.
"Bu Isroil davlati tarixidagi eng yirik norozilik oqshomidir", deydi mitinglar tashkilotchilari.
Qayd etilishicha, namoyishlarda jami 500 ming ishtirokchi qatnashgan.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 1 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovda sobiq Bosh vazir Binyamin Netanyaxuning “Likud” partiyasi 120 o‘rinli parlamentda 32 ta o‘rinni egallagan holda, birinchilikni qo‘lga kiritdi. Bir yarim yildan so‘ng bosh vazirlik lavozimiga qaytgan Netanyaxu Vazirlar Mahkamasining 33 a’zosini ommaga tanishtirdi.
Bu Isroil tarixidagi o‘ng qanot hukumati bo‘lib, birinchi marta uning tarkibiga o‘ng qanot ekstremistlari va jinoiy javobgarlikka ega odamlar kirdi.
Isroildagi namoyishlar
O‘tgan yil oxirida qasamyod qilgan Binyamin Netanyaxu kabinetiga qarshi muxolifatning ommaviy namoyishlari Isroilda yanvar oyi boshidan beri davom etmoqda.
Noroziliklarga yangi hukumat tomonidan taklif etilgan sud-huquq islohoti loyihasi, xususan, Oliy sud vakolatlarini cheklash va sudyalarni tanlash ustidan Vazirlar Mahkamasiga nazoratni berishni nazarda tutuvchi loyiha sabab bo‘ldi.
Muxolifat fikricha, bu islohot davlatning demokratik asoslariga putur yetkazadi.
Netanyaxuning ta’kidlashicha, uning hukumati demokratik saylovlar natijasida tuzilgan va muxolifatning qarama-qarshi ritorikasiga qaramay, ko‘pchilik saylovchilar ovoz bergan dasturni amalga oshiradi.