Isroil Suriyaning janubida harbiy operatsiya o‘tkazmoqda
Olam
−
06 Oktabr 2025 3472 2 daqiqa
Isroil armiyasi ikki oydan beri Suriyaning janubida olib borayotgan harbiy operatsiyalari haqida xabar berib, bu harakatlarning maqsadi okkupatsiya qilingan Jo‘lon tepaliklarida xavfsizlikni ta’minlash ekanini ma’lum qildi. Bu haqda Isroil armiyasi matbuot kotibi Avixay Adraining tegishli yozma bayonoti e’lon qilindi.
Ma’lum qilinishicha, armiyaning 210-diviziyasi tarkibidagi 226-brigada Suriyaning janubida harbiy operatsiyalar olib bormoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, armiya o‘z vazifasi doirasida “ko‘plab aniq yo‘naltirilgan operatsiyalar”ni amalga oshirgan, ular chog‘ida “terroristik faoliyatda gumon qilingan” shaxslar qo‘lga olingan va qurol-yarog‘ musodara qilingan.
Isroil armiyasi hujumlari “umuman olganda isroillik fuqarolarning, ayniqsa, Jo‘lon tepaliklari aholisining xavfsizligini ta’minlash maqsadida” tashkil etilganini ta’kidlar ekan, Adrai bu voqealar oqibatida halok bo‘lganlar va yaralanganlar soni, shuningdek, hujumlar amalga oshirilgan hududlar haqida batafsil ma’lumot bermadi.
Asad rejimi ag‘darilgandan keyin Isroil Suriyaning keng hududlariga havo zarbalarini berib kelmoqda, shu bilan birga 1974 yildagi o‘t ochishni to‘xtatish chizig‘i ichida ham, uning tashqarisida ham harbiy bazalar va punktlar tashkil etib, patrul ishlarini olib bormoqda.
Suriyaning amaldagi rahbari Ahmad ash-Sharaning bayonotiga ko‘ra, Asad rejimi ag‘darilganidan beri Isroil armiyasi Suriya hududiga 1000 dan ortiq havo zarbasi bergan va 400 dan ziyod reydlarni amalga oshirgan.
Live
Barchasi