Isroil sabab UNESCO'dan chiqqan AQSH yana tashkilotga qaytdi

Olam

image

AQSH besh yillik tanaffusdan so‘ng yana Birlashgan Millatlar Tashkilotining fan, ta’lim va madaniyat bo‘limi – UNESCO'ga qaytdi. Bu haqda tashkilot rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, Qo‘shma Shtatlar UNESCO'ga qaytishi bilan uning to‘laqonli 194-a’zosiga aylangan.

“Qo‘shma Shtatlarning UNESCO'ga qaytishi tugallandi: u yana rasmiy ravishda tashkilotimizga a’zo davlat bo‘ldi. Bu UNESCO uchun ajoyib yangilik. So‘nggi yillarda biz qayta erishgan impuls endi o‘sishda davom etadi. Bizning tashabbuslarimiz butun dunyoda yanada kuchliroq bo‘ladi. Bu tarixiy lahza. Tashkilotimiz yana bir bor universallikka intilmoqda. Men UNESCO uchun bu g‘alabani butun Birlashgan Millatlar Tashkiloti oilasi bilan baham ko‘rmoqchiman, chunki bu butun ko‘p tomonlama munosabatlar uchun ajoyib yangilik. Agar biz asrimizdagi muammolarni hal qilishni istasak, buni faqat jamoaviy tarzda amalga oshirish mumkin. Bu nafaqat ajoyib natija, balki kelajak uchun yo‘l xaritasidir. Qo‘shma Shtatlarning qaytishi va u bilan bog‘liq qo‘shimcha manbalar bizga butun dunyo bo‘ylab hamma: o‘quvchilar va talabalar, tadqiqotchilar, akademiklar, rassomlar, o‘qituvchilar, jurnalistlar – kundalik ishimizda e’tiborimiz qaratilgan barcha kishilarni yanada yaxshiroq qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi. UNESCO o‘zining ikkita strategik ustuvor yo‘nalishi Afrika va gender tengligi uchun ko‘proq resurslarga ega bo‘ladi”, deydi UNESCO Bosh direktori Odri Azule.

Endi shu oyning oxirida tashkilot bosh qarorgohida oliy darajadagi mehmonlar ishtirokida AQSH bayrog‘ini ko‘tarish marosimi o‘tkazilishi kutilmoqda.

Manbalarga ko‘ra, AQSH Davlat kotibining boshqaruv va resurslar bo‘yicha o‘rinbosari Richard Verma BMT madaniyat agentligiga Vashingtonning tashkilot oldidagi qarzini to‘lash rejasini o‘z ichiga olgan maktub yo‘llagan. AQSH Kongressi o‘tgan yilning dekabr oyida UNESCO'ga kirish uchun 500 million dollardan ortiq a’zolik badalini to‘lash bo‘yicha qarorni ma’qullagan. Ta’kidlanishicha, bunday shoshilinch qaror Xitoy tashkilot yetakchisi sifatida AQSHning o‘rnini egallashidan qo‘qrish tufayli qabul qilingan.

Ma’lumot uchun, AQSHning UNESCO'dan chiqishi tashkilotning “anti-Isroil” pozitsiyasi bilan izohlanadi. Masalan, 2011 yilda Falastinning tashkilotga to‘laqonli a’zo bo‘lishi ortidan AQSHning o‘sha paytdagi prezidenti Barak Obama UNESCO’ni moliyalashtirishni to‘xtatgan. 2017 yilda esa Donald Tramp tashkilotni “Isroilga qarshi pozitsiya”da ayblab, mamlakati undan chiqishini e’lon qilgandi. Ko‘p o‘tmay Isroil ham undan chiqishini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh UNESCO Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing