Isroil Rafahdagi operatsiyani kengaytirishni rejalashtirmoqda
Olam
−
11 may
2554Isroil harbiy Vazirlar Mahkamasi 9 may oqshomida Isroil mudofaa kuchlarining G‘azo sektori janubidagi Rafah shahridagi amaliyotini kengaytirish uchun ovoz berdi. Bu haqda kecha, 10 may kuni mahalliy nashrlar xabar berdi.
Ismini oshkor etmagan isroillik mulozim “The Times of Israel” gazetasiga hukumat SAXALning Rafahdagi operatsiyasini davom ettirishni ma’qullaganini tasdiqladi, biroq tafsilotlarni keltirmadi.
“Axios” internet-nashrining ikki suhbatdoshi esa gap AQSHning salbiy munosabatini keltirib chiqarmaslik uchun armiya harakatlarining cheklangan kengayishi haqida ketayotganini da’vo qilmoqda. Shu bilan birga, nashrning uchinchi manbasi Oq uy bu qadamni juda uzoqqa cho‘zilgan, deb talqin qilishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.
“Axios” ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil hukumati HAMAS bilan garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha yangi taklif tayyorlash uchun ham ovoz bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Isroil Rafahga keng ko‘lamli hujum uyushtirsa, harbiy yordamni qisqartirish bilan tahdid qilgan edi. Biroq bunga javoban Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy amaliyoti yuzasidan xalqaro tanqidlar ostida, isroilliklar kerak bo‘lsa yakka o‘zi jang qilishga tayyorligini bildirdi.
LiveBarchasi