Isroil qanday jamoa?

Sport

O‘zbek futboli tarixidagi eng yaxshi natijalardan biri takrorlanishi mumkin. 2011 yilda Aleksey Yevstafeyev boshchligidagi 17 yoshgacha bo‘lgan jamoa Meksikadagi kichik mundialda chorak finalgacha borishni uddalagandi. Ravshan Haydarov murabbiyligidagi U-20 jamoa esa Isroil to‘sig‘idan o‘tsa, tarixiy natija takrorlanadi.

8 yillik tanaffusdan so‘ng, U-20 jamoa yana Jahon chempionatiga yo‘l oldi va nimchorak finalga chiqishni uddaladi. 

Isroil o‘zi qanday jamoa? 

Mazkur yurt jamoasi haqidagi ma’lumotlar barchaga qiziq bo‘lsa kerak. QALAMPIR.UZ ushbu jamoa haqida ayrim ma’lumotlarni taqdim etadi.

Isroil U-20 terma jamoasi o‘tgan yili Yevropa chempionatida 2-o‘ringa ega chiqib, o‘z tarixida birinchi bor Jahon chempionatida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan edi. Jamoaning dunyo birinchiligidagi debyuti omadli chiqdi. 3 ta o‘yinda uch xil natija qayd etgan Isroil yakunda qiyin guruhdan chiqishni uddaladi. Isroilliklar Kolumbiya, Senegal va Yaponiya kabi kuchli jamoalar o‘rin olgan kvartetdan keyingi bosqichga chiqa oldi. Jamoaning Yaponiyaga qarshi o‘yinda ko‘rsatgan xarakterini esa futbol mutasaddilari alohida e’tirof etdi.

Isroil U-20 terma jamoasining Jahon chempionatida ishtirok etayotgan tarkibi “Transfermarkt” versiyasi bo‘yicha 3,1 mln yevroga baholanmoqda. Jamoadagi eng qimmat futbolchi Stav Lemkin hisoblanadi. Uning narxi 500 ming yevroni tashkil etadi.

Isroil jamoasi asosiy qismi mahalliy chempionatda to‘p surayotgan futbolchilardan iborat. Legionerlardan esa faqatgina Niderlandiyaning PSV jamoasida o‘ynab kelayotgan Tai Abedni ko‘rsatish mumkin. Shuningdek, Isroilning butun boshli O‘zbekiston U-20 terma jamoasidan qimmatroq bo‘lgan futbolchisi, Oskar Glux Yevropa chempionatida qatnashgan edi. Biroq uni amaldagi klubi “Zalsburg” Jahon chempionatiga jo‘natishni xohlamadi.

Isroil U-20 terma jamoasini ayni vaqtda 52 yoshli mahalliy mutaxassis Ofir Haim boshqarmoqda. Ofir murabbiylikni faoliyatini to‘liqligicha Isroilda olib bormoqda. U Isroil yoshlariga 2021 yildan beri murabbiylik qilyapti.

Futbolchilarimizga qarshi o‘yin oldidan Isroil U-20 terma jamoasida bitta yo‘qotish bor. Yaponiyaga qarshi o‘yinda maydondan chetlatilgan Ran Binyamin Ravshan Haydarov shogirdlariga qarshi o‘yinda maydonga tusha olmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

futbol Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing